Turkiya Yevropa Parlamentining sanksiyalar to‘g‘risidagi qaroriga munosabat bildirdi

Olam

image

Avvalroq, Yevropa Parlamenti Turkiyaning Kipr masalasida tutgan pozitsiyasi tufayli unga qarshi sanksiyalar qo‘llashni talab qiladigan rezolyutsiyani qabul qilgani haqida xabar bergan edik.

Rasmiy Anqara ko‘p kuttirmay bu hujjatga o‘z munosabatini bildirdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Hami Aksoyga ko‘ra, mamlakat uni noxolis va haqiqatdan yiroq deb hisoblaydi. 

“Biz Yevropa Parlamentining mamlakatimiz va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi haqidagi qarorini butunlay rad etamiz ... Hech shubhasiz, Kiprning yunon hamjamiyati aytib turganidek qabul qilingan ushbu qaror, Yevropa Parlamentining Kipr masalasida qanchalik noxolis va haqiqatdan yiroqligini ko‘rsatadi”, degan Aksoy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday pozitsiya Yevropa Ittifoqi manfaatlariga, uning Turkiya bilan aloqalarini yaxshilashga va Kipr muammosini hal qilishga xizmat qilmaydi.

“Biz Yevropa Parlamenti va Yevropa Ittifoqiga Kiprdagi bor vaziyatni va u yerda turk jamoatchiligining mavjudligini qabul qilishni, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Kipr turklari oldidagi majburiyatlarini bajarishni taklif qilamiz. Turkiya tahdid va “shantaj”larga qaramasdan o‘zining va Kipr turklarining haq-huquqlarini himoya qilishda va o‘zaro muloqotni kuchaytirishda davom etadi”, deya qo‘shimcha qilgan Aksoy.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 15 noyabr kuni Shimoliy Kiprga, ya’ni Famagusta yaqinida ochilgan Varosha kvartaliga tashrif buyurishi Gretsiya va Kipr Respublikasi tomonidan “misli ko‘rilmagan provokatsiya” deb baholandi. 1974 yilda Kipr oroli bo‘lingandan keyin Varosha turistik kvartali jamoatchilik uchun yopilgan, 1984 yilga kelib esa Varosha BMT Xavfsizlik Kengashining qarori bilan himoyalangan edi.

O‘sha vaqtda Erdo‘g‘an Kipr bo‘yicha muzokaralar orolda ikki davlat mavjudligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerakligini aytgan edi.

Yevropa Parlamenti deputatlari esa Kiprning turk va yunon hamjamiyati uchun yagona federatsiya kelishuvini talab qilib, Yevropa Ittifoqini BMT shafeligida muzokaralarning borishda faolroq ishtirok etishga chaqirgan.

Ma’lumot o‘rnida, Kipr 1974 yilda Gretsiya tomonidan orolni o‘ziga qo‘shib olishga urinishi natijasida Turkiyaning harbiy aralashuvidan so‘ng etnik jihatdan bo‘linib ketgan. Orol hududining 37 foiz qismida 1983 yil kelib Shimoliy Kipr Turk respublikasi tuzildi. Buni faqat Turkiya tan oldi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi davlatlari va hukumatlari rahbarlari joriy yilning 10-11 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda Turkiya bilan munosabatlarni ko‘rib chiqishlari kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Evropa Parlamenti Kipr masalasi

Baholaganlar

130

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing