Turkiya YeIga a’zo bo‘lish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlamoqchi – Erdo‘g‘an
Olam
−
08 iyul 3897 2 daqiqa
Turkiya Yevropa Ittifoqiga (YeI) a’zo bo‘lish yo‘lidagi so‘nggi g‘ovlarni bartaraf etishni muhokama qilishdan umidvor. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqaradagi NATO sammiti doirasida Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Turkiya Yevropa Ittifoqi bilan endi to‘siqlar haqida emas, balki a’zoligimiz yo‘lidagi so‘nggi g‘ovlarni olib tashlash to‘g‘risida gaplashmoqchi”, deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya Prezidenti ma’muriyatining xabar berishicha, yetakchilar ikki tomonlama munosabatlarni, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilgan.
Erdo‘g‘an Anqara va Rim mudofaa sanoati, investitsiyalar, energetika va savdo sohalarida hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini qayd etgan.
Turkiya Prezidenti NATOning Yevropa tarkibiy qismini kuchaytirish zarurligini ham alohida ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Yevropa Ittifoqining xavfsizlik va mudofaa sohasidagi sa’y-harakatlarini, basharti ular alyans mexanizmlariga tayansa va ularni takrorlamasa, qo‘llab-quvvatlaydi.
Uchrashuv davomida tomonlar Liviyadagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Erdo‘g‘an Turkiya, Italiya, Qatar va Liviya tomonidan yo‘lga qo‘yilgan to‘rt tomonlama hamkorlik formati muhim mexanizm bo‘lib qolayotganini va uning ishi davom ettirilishini bayon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATO davlatlari o‘rtasida mudofaa sanoati sohasidagi cheklovlarni bekor qilishga chaqirgani va Anqaraning Yevropa xavfsizlik tashabbuslarida to‘liq ishtirok etishi kerakligini aytgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi