Turkiya yangi dengiz havo mudofaa tizimini sinovdan o‘tkazdi

Olam

image

Turkiya o‘zining GÖKSUR nomli milliy havo hujumidan mudofaa tizimini jangovar sharoitlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda “Defence Blog” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sinovlar Qora dengiz bo‘yidagi Sinop shahrida bo‘lib o‘tgan. Mashg‘ulotlar Turkiya tizimining “amaliy samaradorligi va texnologik yetukligini” isbotlagan. ASELSAN mudofaa kompaniyasiga ko‘ra, bu Turkiyada to‘liq ishlab chiqilgan raketa bilan dengiz nishonini ilk bor muvaffaqiyatli yo‘q qilish hisoblanadi.

GÖKSUR IIR raketaci zamonaviy infraqizil nishonga oluvchi moslama bilan jihozlangan va 11 kilometrdan ortiq masofadagi nishonni yo‘q qilgan.

U ASELSAN kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan GÖKSUR 100-N vertikal ishga tushirish tizimidan (VLS) uchirilgan. Parvozning o‘rta bosqichida raketani GÜDÜ ma’lumot uzatish kanali orqali boshqarish amalga oshirilgan. Yakuniy bosqichda esa raketa mustaqil ravishda nishonni aniqlab, kuzatib borgan va bevosita urib yo‘q qilgan.

GÖKSUR tizimi ASELSAN va TÜBİTAK SAGE qo‘llab-quvvatlashi bilan ishlab chiqilgan. U yerusti platformalarini samarali himoya qilishga mo‘ljallangan va dengiz ustida uchadigan kemaga qarshi hamda qanotli raketalardan himoya qilish, dronlar va jangovar samolyotlarni yo‘q qilish kabi vazifalarni bajara oladi.

GÖKSUR tizimiga ilg‘or qidiruv, avtonom yo‘naltirish va vertikal himoya texnologiyalari integratsiya qilingan. Bu “Turkiya harbiy-dengiz platformalarining bardoshliligini oshirish va ularning ko‘p pog‘onali mudofaa tizimini kengaytirish” maqsadiga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya uchuvchisiz uchish apparatlari uyushmasi ilmiy-tadqiqot institutlari va korxonalarida ishlab chiqilgan dronlarni sinovdan o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya dengiz havo mudofaa tizimi ASELSAN GÖKSUR IIR GÜDÜ VLS TÜBİTAK SAGE

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing