Turkiya Sulaymoniya bilan havo aloqalarini uzdi
Olam
−
05 aprel 2023
14252Turkiya hukumati Iroqdagi Sulaymoniya shahriga yoki shu shahardan uchayotgan samolyotlar uchun havo hududini yopdi. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.
“3 apreldan boshlab Turkiya havo hududi Iroqning Sulaymoniya shahridagi xalqaro aeroportga uchib-qo‘nadigan samolyotlarning foydalanishi uchun yopildi. Bu qaror Sulaymoniyada Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchilik tashkiloti faoliyati faollashgani munosabati bilan qabul qilindi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Kurdiston ishchilar partiyasi a’zolarining aeroport binosiga kirishi va shunga mos ravishda parvozlar uchun tahdid mavjudligiga ishora qilmoqda.
Manbaga ko‘ra, mazkur taqiq 3 iyulgacha amal qiladi va Sulaymoniyadagi vaziyatga qarab uzaytirilishi ham mumkin. Shuning uchun rasmiy Anqara vaziyatni yaqindan kuzatib borishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Kurdiston ishchilar partiyasi va uning Iroq hamda Suriyadagi bo‘linmalari, shuningdek, unga aloqador tashkilotlar Turkiyada terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
LiveBarchasi