Turkiya Shvetsiyani NATOga qabul qilishga rozi bo‘lishi dargumon – “Bloomberg”
Olam
−
13 iyun 2023
5590Turkiya joriy yilning 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi taklifini ma’qullamasligi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” nashri o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Anqara hali ham Shvetsiyadan alyansga qo‘shilishini tasdiqlash uchun zaruriy shartlarni bajarishga ko‘proq harakatlarni amalga oshirishini xohlamoqda.
“Turkiya Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish to‘g‘risidagi arizasini tasdiqlashga tayyor ekanini aniq aytmayapti. Chunki, Skandinaviya davlatining yaqinda kiritilgan qat’iy aksilterror qonuniga umid qilishiga qaramay, Turkiya Shvetsiyaning NATOga kirish taklifini ma’qullashga tayyorligini bildirishi dargumon”, deyiladi nashr maqolasida.
Ta’kidlanishicha, Anqara Shvetsiya mamlakatda Turkiyaga qarshi namoyishlarning oldini olish yoki tarqatib yuborish uchun 1 iyundan kuchga kirgan yangi aksilterror qonunini to‘liq bajarishi kerakligini istamoqda.
Shvetsiya, o‘z navbatida, terrorizm to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qilib, kelishuv bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarganini da’vo qilyapti va Turkiya bilan terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yaxshiroq muvofiqlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidlamoqda.
Avvalroq, 4 iyun kuni NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Shvetsiya Turkiyaning uch tomonlama memorandum bo‘yicha talablarini bajarganini va Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish huquqiga ega ekanini aytgan edi. U qirollik konstitutsiyasiga kiritilgan yangi tuzatishlar qurol embargosining bekor qilinishi va terrorizmga, jumladan Kurdiston ishchi partiyasi jangari tashkilotiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishini taqazo etishini eslatgan. Biroq Anqara Shvetsiya rasmiylari Turkiyada terrorchi deb topilgan tashkilot vakillariga 4 iyun kuni Stokgolmda miting o‘tkazishga ruxsat berganidan noroziligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Turkiyaning Shvetsiyani blokka qabul qilishdan xavotirlari o‘rinli ekanini ta’kidlagandi. Joriy yilning 4 iyun kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tib, unda Stoltenberg Erdo‘g‘anga Shvetsiya NATOga kirishga tayyor ekanini bildirgan edi. Skandinaviya mamlakatining alyansga qo‘shilishini AQSH Prezidenti Jo Bayden ham faol qo‘llab-quvvatlamoqda. U yaqinda Erdo‘g‘an bilan telefon suhbatini amalga oshirib, unda Turkiya uzoq vaqtdan beri istayotgan F-16 qiruvchi samolyotlari haqida ham muhokama qilgandi. Bayden Shvetsiya NATOga qo‘shilsa, Turkiyaga F-16 larni sotishga qarshi emasligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi