Stoltenberg Erdo‘g‘anga Shvetsiyaning NATOga kirishga tayyor ekanini aytdi
Olam
−
05 iyun 2023
3354Kecha, 4 iyun kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkiya rahbari ofisi ma’lum qildi.
Aytilishicha, Erdo‘g‘an va Stoltenberg orasidagi muloqot bir yarim soatga yaqin davom etgan. Muzokaralarning asosiy mavzusi Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish jarayoni bo‘lgan.
Stoltenberg esa Istanbulda o‘tkazgan matbuot anjumanida Shvetsiya uch tomonlama memorandum doirasida Turkiyaning talablarini bajargani va NATOga kirish huquqiga ega ekanini aytgan.
“Shvetsiya o‘z majburiyatlarini bajardi. Aniq qadamlar qo‘yildi, qonunlar o‘zgartirildi. Shvetsiyadagi namoyishlar qiyinchiliklar tug‘dirganini tan olaman. Yig‘ilish erkinligi va so‘z erkinligini himoya qilish va hurmat qilish kerak. Lekin bu namoyishlar tashkilotchilari Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda”, deya ta’kidlagan NATO Bosh kotibi.
Shuningdek, Stoltenberg Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda Shvetsiya bilan doimiy qo‘shma mexanizmning navbatdagi yig‘ilishi 12 iyun kuni bo‘lib o‘tishiga kelishib olganini bildirgan. Shu bilan birga, u NATOning Vilnyusdagi sammiti oldidan Turkiyada Shvetsiya arizasini ratifikatsiya qilish uchun hali vaqt borligini ta’kidlagan.
Ma’lumki, Turkiya Shvetsiyaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilib keladi. Anqara Stokgolmdan mamlakatda siyosiy boshpana olgan terrorizmda ayblanuvchi kurd faollarini ekstraditsiya qilishni talab qiladi. Stokgolm esa Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishini ma’qullash uchun Anqaraning barcha shartlarini bajarganini va aniq shaxslarni Turkiyaga ekstraditsiya qilish masalasi faqat Shvetsiya sudi tomonidan hal qilinishi kerakligini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden ham Erdo‘g‘anga telefon qilib, Turkiyaning Shvetsiyani NATOga a’zo bo‘lishiga qo‘ygan cheklovidan voz kechishini istashini bildirgandi.
LiveBarchasi