Turkiya Prezidenti AQSHga shart qo‘ydi
Olam
−
13 noyabr 2023
20446Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Islom hamkorlik tashkiloti sammitidan so‘ng "AQSH Prezidenti G‘azo shahri Falastin xalqiga tegishli ekanini tan olishi kerak"ligini aytdi. Aks holda, Yaqin Sharqdagi mojaro hal etilmaydi, degan u o‘z bayonotida. Bu haqda "Anadolu" agentligi xabar berdi.
Erdo‘g‘an Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan G‘azodagi vaziyat bo‘yicha gapirdi.
“Musulmonlar o‘ldirilganda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning samarasiz va ko‘r ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Xalqaro hamjamiyat G‘azodagi qirg‘inlarga qarshi chora ko‘rishi kerak. Biroq BMT Xavfsizlik kengashining yana faol emasligini ko‘rmoqdamiz”, degan u.
Shuningdek, Turkiya yetakchisi Isroil—Falastin mojarosida AQSHning pozitsiyasini tanqid qilib, Vashington sektorni Isroil hududi deb hisoblasa, Turkiya va AQSH o‘rtasida G‘azo bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmasligini aytgan.
“Bir qator davlatlar hukumati o‘zlarining imperialistik manfaatlari yo‘lida Isroilni oqlashga intilayotgan bo‘lsalar-da, ularning jamiyatlari nazarida Isroil bolalarning qotili bo‘lgan mamlakatdir”, deya qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an yana bir bor Falastinning HAMAS harakati “terrorchi tashkilot emas, balki o‘z yerlarini himoya qilish va vatani uchun bor kuchi bilan kurashayotgan odamlar” ekanini aytdi. Shuningdek, Turkiyaning mintaqadagi roliga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Ushbu geografiyada Turkiyani hisobga olmasdan turib, tashabbus ko‘rsatish yoki rejalar tuzish mumkin emas. Mintaqamiz o‘n minglab kilometr uzoqlikda joylashgan va bu yerda o‘z ta’sirini o‘rnatmoqchi bo‘lgan davlatlardan zudlik bilan xalos bo‘lishi kerak”, degan Turkiya rahbari.
LiveBarchasi