Turkiya parlamentida Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilish loyihasi imzolandi
Olam
−
26 Oktabr 2023
4057Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) spikeri Numan Kurtulmush Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qiluvchi qonun loyihasini imzoladi. Bu haqda “Aksam” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilishni ma’qullovchi qonun loyihasi Kurtulmush tomonidan imzolanib, Tashqi ishlar qo‘mitasiga taqdim etilgan.
Protokolni asoslashda alyansga qo‘shilish uchun qo‘shma ariza topshirgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOning ikki eng yaqin hamkori sifatida belgilangani hamda davlatlar ittifoqqa qo‘shilish istagini bildirishdan oldin ham blok a’zolari bilan har tomonlama va ko‘p qirrali hamkorlikni amalga oshirgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, ular mudofaa va xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zlarining qobiliyati va imkoniyati bilan ajralib turishi aytilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shvetsiya Prezident Erdo‘g‘on bilan muzokaralarda arizani ratifikatsiya qilish evaziga Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirishida yordam berishga rozi bo‘lgan. Ammo NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bu ikki masala bir-biriga bog‘liq emasligini aytgan.
Qayd etish joizki, joriy yilning aprel oyida Finlyandiya Shimoliy Atlantika alyansining 31-a’zosiga aylangan. Shvetsiyaning arizasi esa Turkiya va Vengriya tomonidan haligacha rasmiy ma’qullanmagandi.
Eslatib o‘tamiz, 23 oktyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an parlamentga Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni taqdim etgandi.
LiveBarchasi