Turkiya parlamenti Liviyaga harbiylar jo‘natilishiga rozi bo‘ldi
Olam
−
03 yanvar 2020
5227Turkiya parlamenti Liviyaga harbiylar jo‘natishni ko‘zda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Hujjat 2020 yil arafasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an yetakchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi tomonidan parlamentga kiritilgan.
Qonun loyihasini 325 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 184 nafari qarshi bo‘lgan. Shu tariqa rasmiy Anqara rasmiy Tripolining harbiy yordam bo‘yicha so‘roviga javob qaytardi. Hozirda Tripolida joylashgan Milliy birlik hukumati general Xalifa Haftar kuchlari bilan jang qilib, poytaxtni berib qo‘ymaslikka harakat qilyapti.
Turkiya hukumati bir necha marta rasmiy Tripoliga yordam qo‘lini jo‘zishga tayyor ekanini ta’kidladi. O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida tomonlar harbiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Liviyadagi vaziyat
2011 yilda Liviyada Muammar Qazzofi hokimiyati ag‘darilib, o‘zi o‘ldirilgach, mamlakatda siyosiy inqiroz boshlangan. Liviyada hozirgacha qo‘shhokimiyatchilik hukm suradi.
Sharqda saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lsa, Tripoli va g‘arbni BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati boshqaradi.
Sharqdagi hukmron doiralar rasmiy Tripolidan mustaqil va LMA qo‘mondoni Haftar bilan hamkorlik qiladi. Xalifa Haftar Liviyada jangarilar bilan eng uzoq davom etgan urushga boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi