Erdo‘g‘an pandemiyaga qaramasdan davlat rahbarlari bilan uchrashuvlarni boshladi
Olam
−
04 iyun 2020
7765Dunyoda pandemiya sabab o‘rnatilgan keskin karantin cheklovlari bir necha oydan so‘ng birin-ketin bekor qilinayotgan bir vaqtda davlat rahbarlari o‘rtasidagi jonli muloqot ham tiklandi.
Bugun, 4 iyun kuni Liviya Milliy birdamlik hukumati rahbari Faiz Sarroj Turkiyaga keldi. U Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda turk nashrlari xabar bermoqda.
Yuzma-yuz o‘tayotgan uchrashuvda asosiy uchta masala muhokama qilinadi. Uchrashuvda O‘rtayer dengizining sharqiy qismidagi vaziyat va neft qidirish ishlari, Xalifa Haftarning kuchini yo‘qotayotgani hamda tinchlik va o‘t ochishni to‘xtatish muddati borasida maslahatlashuv o‘tkazilib, qarorlar qabul qilinishi kutilyapti.
Avvalroq, Liviyada turli tomonlarning harbiy kuchlari to‘planayotgani haqida xabar berilgandi. Xususan, hududda BMT tan olgan qonuniy hukumatni qo‘llab-quvvatlayotgan Turkiya kuchlari, unga qarshi kurashayotan Xalifa Haftarga yordam berayotgan Rossiya kuchlari shular jumlasidan. Endi esa bularga AQSH ham qo‘shilishi mumkin. Amerika mintaqada harbiy kuch to‘playotgan Rossiyaga qarshi turish uchun Tunisga qo‘shin yuborishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
Ma’lumot uchun, 2011 yilda Muammar Qazzofi o‘ldirilganidan keyin Liviya yagona davlat bo‘lmay qoldi. Hozir ham mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik mavjud. Sharqda parlament boshqaruvi, poytaxt Tripolida BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshchiligidagi Milliy birdamlik hukumati boshqaruvni amalga oshiradi.
Mamlakat sharqidagi hokimiyat vakillari Tripolidan mustaqil faoliyat olib boradi va Xalifa Haftar bilan hamkorlik qiladi. Xalifa Haftar 2019 yil aprel oyidan beri Tripolini egallashga harakat qilyapti.
LiveBarchasi