Liviya yangi “Suriya”mi? Mintaqaga AQSH va Rossiya kuchlari to‘planmoqda
Olam
−
30 may 2020
13763AQSH Shimoliy Afrikada Rossiyaga qarshi turish uchun Tunisga o‘z qo‘shinlarini yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSH qurolli kuchlari Afrika qo‘mondonligi ma’lum qildi.
"Rossiya Liviya mojarosi alangasini yoqishda davom etar ekan, Shimoliy Afrikadagi mintaqaviy xavfsizlik bizni jiddiy tashvishga solmoqda", deyiladi bayonotda.
Bayonotda ushbu mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun Liviyaga chegaradosh bo‘lgan Tunisga qo‘shin kiritilishini ko‘zda tutilgani ma’lum qilindi.
"Biz Tunis bilan o‘zaro xavfsizlik muammolarini hal qilishning yangi usullarini, jumladan, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun harbiylarimizdan foydalanishni ko‘rib chiqmoqdamiz", deyiladi bayonotda.
Avvalroq, AQSHning Afrika qo‘mondonligi razvedka boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari general Gregori Xedfild, jurnalistlarga Rossiya bu mamlakatda o‘ziga tayanch hudud tayyorlash uchun Liviyaga jangovar samolyotlarni topshirayotganini aytgandi.
Xalifa Haftar qo‘mondonligidagi Liviya milliy armiyasi va Rossiya vakillari Liviyadagi rus jangovar samolyotlari haqidagi xabarlarni rasman rad etishdi.
Ma’lumot uchun, 2011 yilda Muammar Qazzofi o‘ldirilganidan keyin Liviya yagona davlat bo‘lmay qoldi. Hozir ham mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik mavjud. Sharqda parlament boshqaruvi, poytaxt Tripolida BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Fazi Sarroj boshchiligidagi Milliy birdamlik hukumati boshqaruvni amalga oshiradi.
Mamlakat sharqidagi hokimiyat vakillari Tripolidan mustaqil faoliyat olib boradi va Xalifa Haftar bilan hamkorlik qiladi. Xalifa Haftar 2019 yil aprel oyidan beri Tripolini egallashga harakat qilyapti.
Bugungacha Liviyada urush harakatini to‘xtatish uchun harakat qilindi. Xususan, Rossiya va Turkiya Sarroj va Haftarni muzokaralar stoliga olib keldi. Biroq LMA qo‘mondoni yakuniy bitimni imzolashdan bosh tortdi.
Avvalroq, Xalifa Haftar Liviya hokimiyati uning qo‘liga o‘tganini va harbiy harakatlar to‘xtaganini e’lon qilgan edi.