Turkiya nimaning evaziga Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga qo‘shilishini ma’qullashi aytildi

Olam

image

Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga kirishini ma’qullash uchun F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish dasturiga kiritilishini kutmoqda. Bu haqda kecha, 17 may kuni “Bloomberg” manbalariga tayanib xabar berdi.

Vashington avvalroq Turkiyaga Rossiyadan S-400 zenit-raketa komplekslarini sotib olgani uchun Anqarani AQSHning F-35 beshinchi avlod qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari dasturidan chiqarib tashlagan edi.

Nashrning yozishicha, Anqara, shuningdek, NATO a’zoligiga har qanday yangi nomzod ham Turkiya ichida, ham Suriya va Iroqdagi kurd jangarilari bilan bog‘liq xavotirlarini tan olishini istamoqda. Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyadan nafaqat Kurdiston Ishchilar partiyasi (KIP)ni, balki uning bo‘linmalarini ham alyansga qo‘shilishiga ruxsat berishdan avval ochiqdan-ochiq qoralashini xohlayapti.

Bundan tashqari, Anqara Shvetsiya va Finlyandiya Turkiyaning 2019 yilda Suriyadagi harbiy harakatlaridan keyin Yevropa Ittifoqining bir qancha boshqa a’zolari bilan birga qurol eksportiga qo‘ygan cheklovlar bekor qilinishiga erishmoqchi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

Finlyandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida uzoq muddatli betaraflikdan voz kechish va NATOga qo‘shilish imkoniyatlari haqida gapira boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

110

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing