Amerika yadroviy qurollari Polshada joylashtirilsa, Rossiya chora ko‘radi – Kreml
Olam
−
22 aprel
13369Rossiya harbiylari Polshada AQSH yadro quroli paydo bo‘lgan taqdirda vaziyatni tahlil qiladi va zarur choralarni ko‘radi. Bu haqda bugun, 22 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Harbiylar, albatta, agar bunday rejalar amalga oshirilsa, vaziyatni tahlil qiladi va har qanday holatda ham xavfsizligimizni kafolatlash uchun barcha zarur javob choralarini ko‘radi”, deydi Kreml vakili.
Peskov Rossiya kuchlari Ukrainadagi frontda o‘z pozitsiyalarini yaxshilayotgani va AQSHning Kiyevga yordami bu vaziyatni o‘zgartirmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ajratilgan mablag‘lar "ukrainaliklar orasida yangi qurbonlarga olib keladi".
“Ko‘proq ukrainaliklar o‘ladi. Ukraina katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi", deya ta’kidladi Kreml vakili.
Shuningdek, Peskov Rossiya rasmiylari G‘arbning “sanksiya mashqlari” davom etishini kutayotganini va yangi cheklovlar qaysi sohalarga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini tushunishini ta’kidladi.
“Ular misli ko‘rilmagan sanksiyalar paketini kengaytirishni xohlayotgani aniq. Ko‘rinib turibdiki, ular tishlarini g‘ijirlatib, hatto o‘zlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishga tayyor”, deya davom etdi Kreml voizi.
Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rasmiylari Yevropa Ittifoqining mamlakatga qarshi yangi sanksiyalari oqibatlarini minimallashtiradi. Rossiya yetakchisi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Moskva Vashingtonning Rossiya aktivlarini musodara qilish bo‘yicha “noqonuniy tashabbusi”ga javob qaytaradi, xususan, bunday qaror sud muhokamasiga sabab bo‘ladi.
“Bu iqtisodiy tizimning barcha asoslarini yo‘q qilishdan boshqa narsa emas. Bu davlat mulkiga va xususiy mulkka tajovuzdir. Bu hech qanday tarzda qonuniy harakat sifatida talqin qilinmasligi kerak. Ular noqonuniy”, deya qo‘shimcha qildi Dmitriy Peskov.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Polsha Prezidenti Anjey Duda Rossiya chegaradosh Kaliningrad viloyatini “borgan sari harbiylashtirayotgani” va yaqinda yadro qurolini Belarusga ko‘chirgani sababli mamlakat hududida NATOning yadro qurolini joylashtirishga tayyor ekanini aytgandi.
LiveBarchasi