Turkiya muxolifati Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan parlamentni blokladi
Olam
−
20 mart
3497Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) a’zolari o‘zlarining partiyadoshlari Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi. Bosh assambleya yig‘ilishi qoldirildi.
JXP parlament fraksiyasi raisi o‘rinbosari Ali Mohir Basharir mamlakat hukumatini qonunlarni buzayotganlikda va xalq irodasini mensimaslikda aybladi.
“Demokratiya va qonunni oyoq osti qildingiz, 86 million xalqning xohish-irodasini mensimaysiz. Imomo‘g‘li siz uchun dahshatli tush bo‘lishi mumkin, ammo u 86 million odamning umididir”, dedi parlament a’zosi.
Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlash uchun Istanbulga kelgan JXP yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel avvalroq uning barcha mintaqaviy bo‘limlarini Istanbul hokimining hibsga olinishi munosabati bilan 19 mart kuni norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirgan edi. U Turkiya hukumatini “to‘ntarishga urinish”da va JXPning 23 mart kuni bo‘lib o‘tadigan praymerizlar o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilishda aybladi.
Istanbul hukumati shaharda 23 martgacha miting va namoyishlarni, shuningdek, matbuot uchun har qanday yurish va ommaviy bayonotlarni taqiqladi. “Sözcü” telekanali xabariga ko‘ra, politsiya Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga nisbatan namoyish o‘tkazgan Istanbul universiteti talabalariga qarshi kuch ishlatgan. Qurbonlar bor, ammo ularning soni aniq emas.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi qarshi ekanini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi