Erdo‘g‘anning asosiy raqibi maxsus operatsiyada hibsga olindi (video)

Olam

image

Turkiyaning Istanbul shahri hokimi va mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongun maxsus operatsiya davomida hibsga olinib, sudga olib ketildi. Ish doirasida jami 100 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida tergov qilinmoqda. Bu haqda CNN Turk xabar berdi.

Bungacha “Sabah” Istanbul huquq-tartibot organlari keng qamrovli operatsiya boshlaganini va muxolifat hokim Ekrem Imomo‘g‘lini hibsga olish to‘g‘risida order berganini xabar qilgandi.

“Istanbulda keng qamrovli korrupsiyaga qarshi operatsiya boshlandi. Ushbu operatsiya doirasida shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va uning matbuot bo‘yicha maslahatchisi Murat Ongunni hibsga olish uchun order berildi”, deyiladi xabarda.

CNN Turk telekanali  hokimning hibsga olinishi sababini ma’lum qildi.

“Istanbulning muxolif hokimi Ekrem Imomo‘g‘li korrupsiya, poraxo‘rlik va tovlamachilik bilan shug‘ullangan tashkilotga aloqadorlikda ayblanib hibsga olindi. Uning uyida tintuv o‘tkazildi va u politsiya kuzatuvi ostida sud binosiga olib ketildi”, deyiladi telekanal xabarida.

Shuningdek, prokuratura korrupsiya, poraxo‘rlik, firibgarlik va pora berish jinoyatlarida gumon qilinayotgan 100 nafar shaxsni hibsga olish, tintuv o‘tkazish va ularni qo‘lga olish bo‘yicha buyruq berganini bildirdi.

Shuningdek, shu hafta Istanbul universiteti Imomo‘g‘li diplomining noqonuniy ekanini aniqlab, uni bekor qilgan. Shahar prokuraturasi esa ilgariroq uning diplomining haqiqiyligini tekshirishni talab qilgan.

Istanbul hokimi muxolifat “Jumhuriyat Xalq” partiyasi tomonidan o‘tkazilgan ichki saylovlarda prezidentlik saylovlariga yagona nomzod sifatida tanlangan edi. Uni kelgusi prezidentlik saylovlarida hukmron partiya nomzodining asosiy raqibi sifatida ko‘rishmoqda.

Ekrem Imomo‘g‘li 2024 yil aprel oyida Istanbul hokimi etib qayta saylangan. U bundan avval besh yil davomida ham shaharni boshqargan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda Imamo‘g‘li Turkiya Oliy saylov kengashi vakillarini haqorat qilganlikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Jumhuriyat Xalq” partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘li Anqarada so‘zlagan nutqida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning davri tugaganini aytgan edi. Shuningdek, u Erdo‘g‘an siyosati faqatgina yomonlik keltirganini, davlatda boshqaruv saroy  tizimiga o‘tib ketganini, Turkiyaga saroy emas, aksincha, parlament kerakligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing