“Turkiya xalqi buni xohlamaydi”. Chavusho‘g‘li ikki davlatning NATOga kirishi haqida gapirdi 

Olam

image

Turkiya xalqi Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga qarshi va o‘z davlati rahbariyatidan bu jarayonga to‘sqinlik qilishni so‘raydi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Berlindagi norasmiy uchrashuvi arafasida ma’lum qildi.  

“Bizning ittifoqchilarimiz va do‘stlarimiz ushbu (Kurdiston Ishchilar partiyasi — tahr.) terrorchi tashkilotni qo‘llab-quvvatlayotgani g‘azablanarli va qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Bizning ushbu terroristik tashkilotga qarshi kurashimiz nuqtai nazaridan, mudofaa mahsulotlarini yetkazib berishga cheklovlar qo‘yildi, ularning bir qismini biz NATOga a’zo bo‘lishni rejalashtirayotgan mamlakatlardan import qildik. Shu sababdan turk xalqining aksariyati Kurdiston Ishchilar partiyasi va suriyalik kurdlarning o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarini qo‘llab-quvvatlovchi ushbu mamlakatlarning kirib kelishiga qarshi bo‘lib, bu jarayonga to‘sqinlik qilishimizni ham so‘ramoqda. Lekin bu muammolarni NATOdagi ittifoqchilarimiz va bu davlatlar bilan muhokama qilish kerak”, degan Chavusho‘g‘li. 

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Finlyandiya va Shvetsiyani Kurdiston Ishchilar partiyasini ochiq qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblagan. 

“Turkiya NATOning ochiq eshiklar siyosatini boshidan qo‘llab-quvvatladi. Hatto alyansning ba’zi a’zolari mintaqamizdagi va Bolqon g‘arbidagi ba’zi davlatlarning NATOga kirishiga qarshi chiqqanlarida ham biz buni qo‘llab-quvvatladik. Bu ikki davlat (Finlyandiya va Shvetsiya) har kuni askarlarimizga hujum qiladigan terror tashkilotlari bo‘lgan Kurdiston Ishchilar partiyasi va suriyalik kurdlarning o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarini ochiq qo‘llab-quvvatlaydi va ular bilan muloqot qiladi. Kechagina biz bir harbiyni yo‘qotdik”, degan Tashqi ishlar vaziri.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing