Turkiya qarshi. Stoltenberg esa Shvetsiya va Finlyandiyaga katta va’da berdi

Olam

image

NATOga a’zo davlatlar Shvetsiya va Finlyandiyaning mazkur blokga qo‘shilishi to‘g‘risida tezda qaror qabul qilishlari mumkin. Bu haqda bugun, 19 may kuni tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg Daniyada o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Ishonchim komilki, biz Finlyandiya va Shvetsiyani NATOga qabul qilish masalasini tezda hal qilamiz”, deya ta’kidladi u.

Bosh kotib NATO a’zolari o‘zlarining kelishmovchiliklariga qaramay, ikki davlatni blokka qo‘shish bo‘yicha tez orada umumiy qarorga kelishlariga ishonch bildirdi.

Avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan edi.

“Do‘stlarimizga Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga “yo‘q” deyishimizni aytdik. Va biz bunga amal qilishda davom etamiz. NATOda terrorchilik tashkilotlarining bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu davlatlar Kurdiston ishchilar partiyasi va “O‘z-o‘zini mudofaa qilish kuchlari”ning uyi. Turkiya “terrorizm o‘chog‘i” bo‘lgan Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilish vakolatiga ega”, deydi Erdo‘g‘an.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing