Turkiya ilk bor Oyga raketa uchirmoqchi
Olam
−
13:59 481 2 daqiqa
Turkiya 2027 yilda Oyga o‘zining birinchi kosmik apparatini uchirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 13 avgust kuni Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fotih Kajir ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning “Milliy texnologik hamla” tashabbusi doirasida kosmos eng muhim o‘rinni egallaydi, kosmik va u bilan bog‘liq texnologiyalar esa, jumladan, mudofaa sanoati uchun ham strategik ahamiyatga ega infratuzilmani shakllantiradi.
U, shuningdek, Turkiya bir qator muhim loyihalarni amalga oshirganini qayd etgan va BİLSAT, RASAT, GÖKTÜRK-2, Türksat 6A hamda İMECE sun’iy yo‘ldoshlari tufayli mamlakat sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari sohasida sezilarli texnologik salohiyatga ega bo‘lganini ta’kidlagan.
“Muhandislarimiz, tadqiqotchilarimiz va olimlarimiz Turkiyaning shaxsiy oy apparatini ishlab chiqmoqdalar. Shaxsiy gibrid raketa dvigatel tizimi bilan jihozlangan oy apparatimiz 2027 yilning ilk oylarida kosmosga yuboriladi. Uchirish jadvali allaqachon uzil-kesil belgilab olindi. Barcha sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi. Umid qilamizki, Turkiya ushbu ambitsiyali maqsadni amalga oshiradi va bugungi kunda dunyoning sanoqli mamlakatlarigina ega bo‘lgan texnologik imkoniyatlarga erishadi”, deydi u.
Mehmet Fotih Kajir kosmosga mustaqil chiqish imkoniyati Turkiyaning strategik maqsadi ekanini ta’kidlab, mamlakatning raketa texnologiyalari sohasidagi katta imkoniyatlarini qayd etgan.
Turkiyaning boshqariladigan ilmiy kosmik missiyalari haqida gapirganda, Kajir bu ishlar davom ettirilishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oldinda turgan davrda Turkiya yangi xalqaro kosmik stansiyalar loyihalarida ular uchun texnologik komponentlar ishlab chiquvchi va ishlab chiqaruvchi mamlakat sifatida ishtirok etishni hamda bu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq STAR.VISION kompaniyasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan Samarqand-2028 va Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari muvaffaqiyatli uchirilgandi.
Live
Barchasi