Turkiya Finlyandiya va Shvetsiya va’dasini bajarishini kutyapti, yo‘qsa...
Olam
−
08 iyul 2022
13302Turkiya, Madriddagi NATO sammiti doirasida imzolangan uch tomonlama memorandum doirasida Finlyandiya va Shvetsiyadan aniq qadamlar kutmoqda. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bugun, 8 iyul kuni Balidagi G20 davlatlari Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Madriddagi NATO sammitida uch tomonlama memorandum imzolandi, bu bilan biz ularni tabrikladik. Lekin biz ular endi aniq qadamlar tashlashi kerakligini aytdik. Va ulardan aniq harakatlar kutamiz", deydi u. Vazirning nutqi Twitter’dagi sahifasida efirga uzatildi.
Imzolangan uch tomonlama memorandumga qaramay, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1 iyul kuni Anqara Shvetsiya va Finlyandiya o‘z majburiyatlarini bajarmasa, NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.
15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan kurd tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi.
28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – "Kurdiston ishchi partiyasi", "Suriya xalq mudofaasi otryadi" va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.