Turkiya Erdo‘g‘an-Putin uchrashuvi oldidan don kelishuvi bo‘yicha aloqalarni faollashtirmoqda
Olam
−
14 avgust 2023
3110Turkiya va Rossiya Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Putin o‘rtasida o‘tkazilishi kutilayotgan uchrashuv arafasida Anqara Ukraina, AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan don kelishuvi bo‘yicha aloqalarni kuchaytirdi. Bu haqda diplomatik manbaga tayanib, TASS xabar berdi.
"Turkiya Ukraina, AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan g‘alla kelishuvi bo‘yicha ko‘p tomonlama diplomatik aloqalarni kuchaytirdi. Hamkorlik Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Savdo vazirligi orqali amalga oshirilmoqda. Muzokaralar arafasida Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasida g‘alla tashabbusini amalga oshirishda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar faollashdi”, deydi manba.
Ayni paytda “Milliyet” gazetasi Putinning Turkiyaga safari “yaqin kunlarda” amalga oshishini da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, “A Haber” telekanali Rossiya yetakchisi respublikaga kelmasa, u holda Erdo‘g‘an Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurishini ta’kidlaydi.
3 avgust kuni Rossiya davlati rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya va Turkiya Prezidentlarining uchrashuvi joyi va aniq sanasi diplomatik kanallar orqali kelishib olinishini ma’lum qildi.
“Uchrashuv joyi muhokama qilinadi, bu Turkiya bo‘lishi shart emas”, deb ta’kidlagan Peskov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 iyul kuni Rossiya tomoni Qora dengizdagi gumanitar yo‘laklar orqali Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagan va buni Istanbul kelishuvining ikkinchi qismi bajarilmagani bilan izohlagandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki unga o‘xshash loyihani uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yubordi. 2 avgust kuni Rossiya va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqot o‘tkazgan va ehtimoliy uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olgandi.
LiveBarchasi