Turkiya: “Armaniston mintaqada tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi eng katta to‘siq”

Olam

image

Turkiya Armaniston qurolli kuchlarining Ozarbayjonda tinch aholi punktlarini o‘qqa tutgan provokatsion harakatlarini qat’iyan qoraladi. 

“Biz Armaniston qurolli kuchlarining Ozarbayjonning tinch aholisi orasida talafotlar bilan bog‘liq harakatlarini qat’iyan qoralaymiz.  Armaniston tomonining harakatlari xalqaro qonunlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Armaniston mintaqada tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi eng katta to‘siq ekanligini yana bir bor namoyish etdi”, deydi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Hami Aksoy. 

Turkiyalik diplomat Arteriya Qurolli Kuchlarining Terter rayonining Gapanli qishlog‘ida, Agdam rayonining Chiragli va O‘rta Gervend qishloqlarida, Fizuli rayonining Alxanli va Chukurbeyli qishloqlarida va Jebroil viloyatining Jojug Marjanli qishlog‘iga intensiv o‘q otilishi natijasida tinch aholi orasida o‘ldirilgan va yaralangan borligini ta’kidladi. 

Unga ko‘ra, Ozarbayjon aholining xavfsizligini himoya qilish va hududiy yaxlitligini ta’minlash yo‘lida o‘zini himoya qilish huquqiga ega. 

“Anqara Bakuning pozitsiyasini qat’iy va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Turkiya Ozarbayjon tomoniga kerak bo‘lgan shaklda yordam beradi”, deyiladi TIV xabarida. 

Aksoy qurolli to‘qnashuvda halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi va yaradorlarning sog‘ayib ketishini tiladi. 

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari bugun, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Armaniston esa hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlaganini aytmoqda.

Bakuning ta’kidlashicha, hududdagi fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazilgan. Shu bois Ozarbayjon Qurolli kuchlari qarshi javob hujumlarini boshlagan.

Biroz avval, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham holatga nisbatan munosabat bildirib, rasmiy Baku va Yerevanni o‘t ochishni to‘xtatishga va muzokaralarni boshlashga chaqirdi

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23 iyul kuni Nikol Pashinyan Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi so‘nggi keskinlik va Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish jarayoni borasida Armanistonning pozitsiyasini taqdim etgan. Armaniston hukumati rahbari ikki respublikasi chegarasida iyul oyida bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuv paytida keskinlikni pasaytirmaslikka, balki bundan ham ko‘proq zo‘ravonlik qo‘zg‘atishga harakat qilgan yagona mamlakat Turkiya ekanligini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12-16 iyul kunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashdi. Ozarbayjonda Armaniston Qurolli kuchlari hujumga o‘tgani aytildi. Rasmiy Yerevan ham qurolli to‘qnashuvga ozarbayjonlik askarlar hujumga o‘tganini sabab qilib ko‘rsatdi. Rasmiy Baku 11 nafar harbiy jumladan general-mayor Po‘lat Gashimov ham halok bo‘lganini bildirdi. Yerevan esa 4 qurbon va 10 yarali haqida ma’lumot berdi.

Qayd etish kerakki, Armaniston va Ozarbayjonning hududiy muammosi so‘nggi 30 yildan beri davom etyapti. Buning sababi Armanistonning Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ni egallab olishidir. Xalqaro hamjamiyatning e’tirozlariga qaramay, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonga qaytarmay keladi.

Vaziyat shu darajadaki, agarda ikki tomon ham tinchlanmasa davlatlar o‘rtasida urush boshlanishi ehtimoli yuqori. 

Yaqinda Yerevan harbiy salohiyatini mustahkamlash uchun Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirdi. Rossiyadan bir necha samolyotda Armanistonga qurol-aslahalar yuborildi. Shu bois Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Rossiyaning bu boradagi “g‘amxo‘rligiga” o‘z e’tirozini билдирди. Buning ortidan Ozarbayjon Turkiya ham bilan harbiy hamkorlikni rivojlantirishga kirishdi. Ikki mamlakat harbiylari ishtirokida qo‘shma mashqlar o‘tkazildi. Turkiya har qanday vaziyatda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon-Armaniston Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

95

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing