Turkiya Armaniston bilan aviaaloqa o‘rnatmoqda
Olam
−
16 dekabr 2021
2890Anqara Turkiya va Armaniston aviakompaniyalarining Istanbul-Yerevan-Istanbul reyslarini ochish bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu BAAga tashrifi yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, aviakompaniyalarning arizalari Turkiya Transport vazirligi va Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
“Aslida turk tomonining masalaga munosabati ijobiy. Yaqin kunlarda kompaniyalardan qaysi biri ushbu yo‘nalishda ucha olishi aniqlanadi”, degan Chavusho‘g‘lu.
Vazir Qorabog‘dagi 44 kunlik urushdan keyin Turkiya va Ozarbayjon Armaniston haqida ijobiy xabarlar berganini eslatgan.
“Bakuning Yerevan bilan keng qamrovli tinchlik shartnomasini tuzishga chaqiruvlari alohida ahamiyatga ega. Bu signallar Turkiya va Ozarbayjonning masalaga yondashuvini ham ko‘rsatadi”, degan Chavusho‘g‘lu.
U Turkiyaning Janubiy Kavkazda tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot tarafdori ekanini ta’kidlagan. Chavusho‘g‘lu Armaniston tomoni mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun harakat qilishiga umid bildirgan.
“Bizning niyatlarimiz juda ochiq. Ozarbayjonning faqat bitta maqsadi bor edi — mamlakatning Armaniston tomonidan bosib olingan tarixiy yerlarini qaytarish. Natijada aynan Baku tinchlik shartnomasini tuzishga chaqirmoqda, bu esa Ozarbayjonning nihoyatda konstruktiv ekanligini anglatadi”, degan vazir.
Turkiya va Armaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q, ikki davlat o‘rtasidagi chegara Anqara tashabbusi bilan 1993 yildan beri yopilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashishiga Anqaraning Qorabog‘ muammosi bo‘yicha Ozarbayjon pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi va 1915 yilda Usmonli imperiyasida armanlarning genotsidini xalqaro tan olish jarayoniga Turkiyaning keskin munosabati bilan bog‘liq bir qator holatlar sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan uch tomonlama uchrashuvda Qorabog‘ bo‘yicha 2020 yil 9 noyabr va 2021 yil 26 noyabrda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va’da bergandi.
LiveBarchasi
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023