Turkiy davlatlar yetakchilari Cybertruck’da qo‘riqlanadi

Olam

image

Turkistonda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida Tesla Cybertruck mobil majmualaridan foydalaniladi. Bu haqda Qozog‘iston Davlat qo‘riqlash xizmatiga (DQX) tayanib “Tengrinews.kz” xabar berdi.

DQXning qayd etishicha, Tesla Cybertruck platformasida yaratilgan qo‘mondonlik-shtab mashinasi huquq-tartibotni ta’minlash va davlat rahbarlari uchrashuvlarini texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun navbatchilikka chiqarilgan.

“Qozog‘istonda xavfsizlikni ta’minlash uchun Tesla Cybertruck elektropikaplari bazasidagi maxsus avtomobillardan foydalanish ilk bor amalga oshirilmoqda. Yuqori texnologiyali ushbu mashinalar Turkistondagi xalqaro tadbir davomida bo‘linmalarni muvofiqlashtirish va hududni tezkor monitoring qilish vazifalarini bajaradi”, deyiladi Davlat qo‘riqlash xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, majmuaning texnik jihozlanishi shtab uskunalari va aloqa tizimlari ishini tashqi quvvat manbalarisiz tashkil etish imkonini beradi. Elektromobil akkumulyatorlarining sig‘imi kompyuterlar va maxsus aloqa vositalarining uzoq vaqt davomida mustaqil (avtonom) ishlashini ta’minlaydi.

Yana bir muhim omil – Tesla Cybertruck’ning elektrokar ekanligidir. Bu nafaqat uning shovqinsiz ishlashiga imkon beradi, balki uni rasmiy uchrashuvlar o‘tkaziladigan joylarga yaqin masofada joylashtirishga ham yo‘l ochadi.

DQX avtomobilni qozog‘istonlik tadbirkor idora balansiga beg‘araz (bepul) asosda topshirganini alohida ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Tesla Cybertruck allaqachon Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ham qo‘llanilmoqda. Bu murakkab tog‘li hududlarda qidiruv operatsiyalarini o‘tkazish zarurati bilan bog‘liq. Bundan tashqari, tabiatni muhofaza qilish zonalari va turistik yo‘nalishlarda elektr transportidan foydalanish mintaqa ekotizimini saqlashga xizmat qiladi.

Tesla elektromobillari bir necha yildan beri boshqa mamlakatlar huquq-tartibot idoralari tomonidan ham ishlatilmoqda. Masalan, Kaliforniyadagi Frimont politsiya departamenti 2019 yildan beri ushbu markadagi patrul mashinalaridan foydalanadi. 2020 yilda Tailand Qirollik politsiyasi tezkor vazifalarni bajarish uchun Tesla Model 3 Performance turkumini qabul qilib olgan. Dubay politsiyasi esa 2024 yil iyun oyida Cybertruck’ni o‘z avtoparkiga qo‘shib, undan rasmiy kortejlarni kuzatib borishda foydalanishni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda qatnashish uchun Qozog‘istonga borishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sammit Turkiy davlatlar tashkiloti Tesla Cybertruck

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing