Turkiy davlatlar muammolarni hal qilish uchun birlashishi kerak – Chavusho‘g‘li

Olam

image

Qozog‘istondagi barqarorlik va xavfsizlik nafaqat turkiy tilli davlatlar, balki butun dunyo uchun muhim. Qozog‘istonda mavjud muammolarni yengish uchun barcha imkoniyatlar va tajriba mavjud. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bugun, 11 yanvar kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlarining Qozog‘istondagi vaziyatga bag‘ishlangan videokonferensiya orqali o‘tkazilgan  navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qildi. 

Yig‘ilish ishtirokchilari Qozog‘istondagi tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlashdi. 

Chavusho‘g‘lining aytishicha, Turkiya Qozog‘istondagi voqealarni diqqat bilan kuzatgan. 

“Biz Qozog‘istondagi vaziyat barqarorlashganidan mamnunmiz. Mamlakatimiz qardosh Qozog‘istonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Turkiy davlatlar muammolarni hal qilish uchun birlashishi kerak. Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlarimiz taraqqiyoti va farovonligi uchun eng yaxshi platformadir”, degan Turkiya vaziri. 

Diplomatiya rahbari Qozog‘istondagi fojiali voqealar tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar jamoatchiligini chuqur larzaga solganini ta’kidlagan. Chavusho‘g‘li, “Turk dunyosi katta oila, mamlakatlarimiz bir butunning bir qismidir”, degan. 

Turkiya Tashqi ishlar vaziri turkiy dunyoni inson tanasi bilan qiyosladi:

“Jarohat bilan butun tana og‘riyotganidek, Qozog‘istondagi voqealar ham Turkiyani katta qayg‘uga soldi”. 

Chavusho‘g‘li qozoq xalqining buyuk shoiri Abay Kunanboyevning “Birlikka yo‘l – birdamlik! ” degan so‘zlarini keltirdi. 

Vazir turkiy dunyoda, jumladan, iqtisodiy sohada aloqalarni rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

“Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi tez orada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi umumiy savdo hajmining 10 foizini tashkil qilishi kerak”, degan vazir. 

Chavusho‘g‘li bugungi yig‘ilishdan so‘ng, Turkiy davlatlarning Qozog‘iston bilan birdamligini aks ettiruvchi mushtarak bayonot qabul qilinishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Mavlud Chavusho'g'li

Baholaganlar

225

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing