Turkiya Misr bilan diplomatik aloqalarni maksimal oshirmoqchi
Olam
−
20 mart 2023
4018Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, Anqara va Qohira 2013 yilda Misrdagi harbiy to‘ntarishdan keyin to‘xtab qolgan diplomatik munosabatlarni maksimal darajaga ko‘tarishga kelishib oldi.
“Diplomatik munosabatlarimizni maksimal darajada oshirishga kelishib oldik. Keyingi jarayonda qanday qadamlar tashlashimizni baholadik. Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukriyni Anqaraga taklif qildim. Ayniqsa, Ramazon oyida uni mehmon qilish istagida ekanligimni aytdim”, deydi Mavlud Chavusho‘g‘li Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvidan so‘ng.
Chavusho‘g‘li, poytaxt Qohirada Shukriy bilan uchrashgandan so‘ng, ikki vazir o‘zaro aloqalar, mintaqaviy va xalqaro mavzularni muhokama qilgani haqida bayonot bergan.
Ma’lumot uchun, Chavusho‘g‘li 11 yil ichida Turkiyadan Misrga tashrif buyurgan birinchi tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.
Turkiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlar 2013 yilda Misr Prezidenti Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin yomonlashgan. Shundan so‘ng har ikki davlat o‘z elchilarini chaqirib oldi. 2021 yil mart oyida Chavusho‘g‘li Anqara va Qohira o‘rtasida diplomatik darajada aloqalar tiklanishini e’lon qildi. 2022 yil noyabr oyida Turkiya va Misr Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Abdulfattoh as-Sisi Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatining ochilish marosimida qisqacha uchrashuv o‘tkazdilar.
Eslatib o‘tamiz, Mavlud Chavusho‘g‘li 18 mart kuni ham Qohirada misrlik maqvedoshi Sameh Shukri bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lumot bergan edi.
Javohir Qadamov
LiveBarchasi