Turk futbolini qutqarayotgan “Messi” – Sport dayjesti

Sport

Bugun turk futbolini yelkasida ko‘tarib turgan 19 yoshli Arda Guler, mojaroyu mushtlashuvlari bilan yodda qolayotgan Yevro-2024 va chempionlik kamari uchun jang qiladigan Hasanboy Do‘smatov haqida gaplashamiz.

Yevro-2024: Turkiya Gruziyadan, Portugaliya Chexiyadan ustun keldi

8 iyun kuni futbol bo‘yicha Germaniyada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa chempionatining guruh bosqich 1-tur o‘yinlari yakunlandi. “F” guruhida Turkiya Gruziya bilan, Portugaliya esa Chexiya bilan bahs olib bordi.

Turkiya-Gruziya bahsi 3:1 hisobida turklarning foydasiga hal bo‘ldi. Dastlab 25-daqiqada Mert Myuldyur hisobni ochgan bo‘lsa, 32-daqiqada Jorj Mikautadze hisobni tenglashtirdi. 65-daqiqada Arda Guler va 90+7 daqiqada Muhammad Karim Aktyurkoglu tomonidan kiritilgan to‘plar yakunda Turkiyaga Yevro-2024'dagi dastlabki 3 ochkoni keltirdi.

Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi esa musobaqani qiyin g‘alaba bilan boshladi. Chexiyaga qarshi o‘yinda dastlab chexlardan Lukash Provod hisobni ochdi, 69-daqiqada esa Robin Granach o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. 90+2 daqiqada Fransishku Konseysau g‘alaba to‘pini kiritdi va Portugaliya turnirning dastlabki turida muhim 3 ochkoga ega chiqdi.

Shunday qilib, 1-turdan keyin Turkiya “F” guruhida peshqadamlik qilmoqda. To‘plar nisbatiga ko‘ra, Portugaliya 2-o‘rinni band etgan. 

Arda Guler Ronalduning rekordini yangiladi 

Turkiya terma jamoasi va Ispaniyaning “Real Madrid” klubi yarim himoyachisi Arda Guler Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Gruziya darvozasiga kiritilgan gol orqali Krishtianu Ronalduning rekordini yangiladi. Bu haqda “Opta” xabar berdi.

Arda 19 yoshu 114 kunligida Yevropa chempionatida debyut qilib, ilk o‘yindayoq raqib darvozasini ishg‘ol qildi va Yevroda debyutidayoq gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi.

Gulergacha bu rekord 5 karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronalduga tegishli edi. Ronaldu 19 yoshu 128 kunligida Yevropa chempionatida debyut qilib, gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Turkiya milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha Yevropa chempionati guruh bosqichining 1-tur uchrashuvida Gruziya terma jamoasi ustidan qozonilgan g‘alabasi munosabati bilan jamoa muxlislari mamlakat bayrog‘i aks etgan avtomobillarda parad uyushtirdi. 
Turkiya muxlislari Germaniyada istiqomat qiluvchi turk diasporasining ko‘pligi sababli o‘yin kuni shaharda va stadionda sezilarli darajada ko‘p bo‘ldi. Markaziy ko‘chalar bo‘ylab Turkiya bayrog‘i tushirilgan 100 ga yaqin avtomobil egalari tinimsiz signal chalib, Dortmundda bayram qildi.

Politsiya Gruziya va Turkiya muxlislari o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuv bo‘yicha ish boshladi 

Dortmund politsiyasi Yevro-2024 o‘yini boshlanishidan oldin Gruziya va Turkiya terma jamoalari muxlislari o‘rtasidagi mushtlashuv aks etgan videolavhalarni o‘rganmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, o‘yin oldidan stadionda turk va gruziyalik muxlislar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tgan. Hozirda politsiya voqeaga baho berish va ishtirokchilarni aniqlash uchun videomaterialni ko‘rib chiqmoqda.

Videodan ko‘rish mumkinki, turk muxlislari darvoza ortidagi sektorlardan joy olgan. Burchakdagi sektorlarda esa Gruziya terma jamoasi muxlislari bor. Ayrim muxlislar tribunalarni ajratib turuvchi to‘siqlardan oshib, mushtlashgan. Ikkala tomon ham bir sektordan boshqasiga har xil buyumlarni uloqtirgan.

Germaniya Yevro-2024 paytida terakt bo‘lishidan xavotirlanmoqda

Germaniya hukumati Yevro-2024 paytida shu yilning mart oyida Rossiya markazi Moskva shahridagi “Krokus Siti Xoll”dagi fojiaga o‘xshash voqea sodir bo‘lishi mumkinligidan jiddiy xavotirlanyapti. Bu haqda Germaniya Ichki ishlar vaziri Nensi Fezer ma’lum qildi.

“Germaniya va, shuningdek, butun Yevropa terroristik tashkilotlar, xususan ISHIDning “Viloyati Xuroson” guruhi nishoni ostida. Bu kabi holatni yaqinda Moskvada ko‘rganmiz”, deydi Nensi Fezer.

Qayd etilishicha, Yevro-2024'ga mezbonlik qilayotgan Germaniya terrorchilarning keyingi nishoni bo‘lishi mumkin.Bunga “Viloyati Xuroson” terroristik guruhi yaqinda futbol stadionida avtomat tutgan jangari tasvirlangan suratni chop etgani sabab bo‘lgan. Surat tagida

“Oxirgi golni uramiz!”, deb yozilgan.

Ispaniya terma jamoasi Germaniyada bo‘lib o‘tayotgan Yevro-2024ʼning asosiy favoriti sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi. 

Bu borada ikkinchi o‘rinni mezbon jamoa Germaniya egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikka Chexiya bilan o‘yinda iroda ko‘rsatgan Portugaliya yakun yasadi.

Musobaqada Gruziya, Albaniya va Shotlandiya jamoalarining imkoniyatlarini past baholanmoqda.
Yevro-2024 favoritlari:

  • 1. Ispaniya;
  • 2. Germaniya;
  • 3. Portugaliya;
  • 4. Fransiya;
  • 5. Angliya;
  • 6. Niderlandiya;
  • 7. Shveysariya;
  • 8. Italiya;
  • 9. Turkiya;
  • 10. Slovakiya;

Hasanboy Do‘smatov WBA chempionlik kamari uchun jang qiladi

O‘zbekistonlik professional bokschi, havaskorlar o‘rtasida Olimpiya va jahon chempioni Hasanboy Do‘smatov Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi. Bu haqda WBA rasmiy saytida xabar berdi.

Tashkilot minimal vazn toifasida tailandlik chempion Tammanu Niyomtrongningga o‘zbekistonlik Hasanboy Do‘smatov bilan jang qilishga buyruq berdi. WBA fevral oyida ikki tomon kelishuvga erishishi uchun 30 kun muhlat bergan edi. Lekin muddat allaqachon yakuniga yetgan bo‘lsa-da, tashkilotning bu haqida rasman ma’lumot berishi kechikdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Do‘smatovning jamoasi jangni Olimpiadadan keyin o‘tkazishni so‘rab, iltimosnoma kiritgan. Tashkilot esa bu so‘rovni ma’qullagan.

Shuningdek, Niyomtrong jamoasi ham bunga rozi bo‘lgan. Tailandlik bokschi endilikda ixtiyoriy himoya jangini o‘tkazadi.

O‘zbekistonlik bodibilder Osiyo chempioni bo‘ldi

Joriy yilning 15-16 iyun kunlari Toshkent shahrida bodibilding bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston vakili Ibrohim Latipov mutlaq vaznda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

-90 kg da bahslarda qatnashgan 28 yoshli Latipov oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘z vaznidagi chempionlikdan tashqari Latipov mutlaq vaznda ham g‘oliblikni rasmiylashtirdi. Mazkur g‘alaba orqali Ibrohim Latipov kelgusida xalqaro musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati va professional bodibilderlar uchun taqdim etiladigan Pro Card kartochkasiga ega chiqdi. 

Qayd etish joiz, bungacha Latipov o‘tgan yili noyabr oyida Janubiy Koreyaning Vonju shahrida 14-bodibilding va fitness bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib chiqqandi. 

Ma’lumot uchun, ikki kun davomida o‘tkazilgan Osiyo chempionati bahslarida Rossiya, Eron, Bahrayn, Estoniya, Quvayt, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan yuzlab sportchilar ishtirok etdi.
Rayan Garsiya faoliyatini yakunladi

Sobiq Butunjaon boks kengashi (WBC) vaqtinchalik chempioni va WBC Silver yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Rayan Garsiya faoliyatini yakunladi. Bu haqda sportchining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Men rasman nafaqaga chiqdim. Korrupsiya juda ko‘p, men bundan charchadim. Men aktyorlik faoliyatini boshlashim yoki qo‘shiq aytishim mumkin. Mashg‘ulotlarda davom etaman. Eng achinarlisi, men ajoyib bokschi edim. Ketayotganimdan xafaman, chunki boksni yaxshi ko‘raman”, deydi Garsiya.

Aprel oyida Garsiya hakamlarning bir ovozdan chiqargan qarori bilan hamyurti Devin Xeyni mag‘lub etdi, ammo keyinroq Garsiyaning doping testida taqiqlangan moddalar borligi ma’lum bo‘ldi.

25 yoshli Garsiya professional ringda 26 ta jang o‘tkazib, 25 ta g‘alaba (20 tasi nokaut) va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan.

O‘zbekiston FIFA reytingida ikki pog‘ona yuqoriladi

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) milliy terma jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi ikki o‘ringa yuqorilab, 62-pog‘onani egalladi.

O‘zbekiston Osiyo jamoalari ichida 8-o‘rinni band etdi. Osiyo jamoalari orasida eng yaxshi natijani Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya egalladi. Yangilangan jadvalda Yaponiya 17, Eron 20, Janubiy Koreya esa 22-o‘rinlarda qayd etildi.

Reyting peshqadami esa amaldagi jahon chempioni Argentina hisoblanadi. 2-o‘rin fransuzlarga tegishli bo‘lsa, kuchli uchlikni Yevro-2024 da omadi kelmayotgan Belgiya terma jamoasi egalladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining so‘nggi o‘yinini 2026 yilgi Jahon chempionati saralash uchrashuvlari doirasida Eronga qarshi o‘tkazib, durang natija qayd etgandi.

Humoyun To‘xtamurodov yangi promouterlik kompaniya bilan shartnoma imzoladi

O‘zbekistonlik MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov Markaziy Osiyoning nufuzli ligalaridan biri Rossiyaning “Open FC” bilan shartnoma tuzdi. Bu haqda sportchining o‘zi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

To‘xtamurodovga ko‘ra, u  “Open FC” bilan 3 ta jang bo‘yicha kelishuvga erishgan. Tez orada sportchining tashkilot turnirlari doirasidagi yangi jangi sanasi va raqibi aniq bo‘ladi. Hozirda 25 yoshli To‘xtamurodov bo‘lajak jangiga Tailandda tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

Sportchi yangi shartnomaga ko‘ra, gonorari miqdorini sir saqlanishini xohladi. 

Qayd etish joiz, To‘xtamurodovgacha “Open FC” o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev bilan ham hamkorlik qilgan. Shuningdek, Habib Nurmuhammedovning ukasi Umar Nurmuhammedov ham o‘z vaqtida mazkur ligada janglar o‘tkazgan.

Ma’lumot uchun, To‘xtamurodov MMA'dagi faoliyati davomida 10 ta jang o‘tkazib, 7 tasida g‘alaba qozongan va 3 ta jangda imkoniyatni boy bergan. U oxirgi marta 2022 yilning iyul oyida “Octagon 32” turnir doirasida eronlik Said Mexrshadni bo‘g‘ish uslubi bilan mag‘lubiyatga uchratgan.

Messi Amerika kubogi rekordini o‘rnatdi

Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Amerika kubogidagi 35-uchrashuvini o‘tkazdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha turnir rekordchisiga aylandi. Bu haqda “Opta” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Messi bu borada chililik darvozabon Serxio Livingstonni (34) ortda qoldirdi. Kanadaliklar bilan o‘yinda Messi golli uzatmani amalga oshirdi.

Argentina va Kanada terma jamoalari “A” guruhida pley-off yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Keyingi o‘yinda argentinaliklar Chili va Peruga qarshi maydonga tushadi.

Amerika kubogi 15 iyul kuni yakunlanadi. Musobaqada to‘rt guruhga bo‘lingan 16 ta jamoa ishtirok etmoqda. Har bir kvartetdan ikkita eng yaxshi jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Turnirning amaldagi g‘olibi Argentina terma jamoasi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Hasanboy Do'smatov WBA Evro-2024 Arda Guler Rayan Garsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing