Tunnel qulashi oqibatida 7 ishchi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
12:51 1821 1 daqiqa
Kecha, 14 avgust kuni Hindistonning Uttaraxand shtati Chamoli tumanida qurilayotgan THDC gidroelektr loyihasi tunnelida sodir bo‘lgan avariya oqibatida 7 nafar ishchi halok bo‘ldi, 14 nafari jarohatlandi. Bu haqda “India Today“ xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tunnel ichiga katta hajmdagi suv va tog‘ jinslari kirib kelishi oqibatida navbatchilikda bo‘lgan ishchilar ichkarida qolib ketgan.
Rasmiylarga ko‘ra, avariya sodir bo‘lgan paytda tunnelda jami 22 nafar ishchi bo‘lgan. Ulardan 14 nafari qutqarilib, shifoxonaga yotqizilgan, 7 nafarining jasadi topilgan. Hozirda yana 3 nafar ishchining taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Voqea joyida Hindiston armiyasi, Chegara politsiyasi, Milliy favqulodda vaziyatlarga javob berish kuchlari, Shtat favqulodda vaziyatlarga javob berish kuchlari hamda boshqa xizmatlar qutqaruv ishlarini olib bormoqda. Tunnel ichidagi suvni chiqarish va tosh-shag‘allarni tozalash uchun maxsus texnikalar jalb etilgan.
Uttaraxand bosh vaziri Pushkar Singx Dhami voqea joyiga borib, qutqaruv operatsiyasini nazoratga olgan. U tunnel ichida qolgan ishchilarni xavfsiz olib chiqish hukumatning ustuvor vazifasi ekanini aytgan.
Hozircha avariyaga nima sabab bo‘lgani rasman ma’lum qilinmagan. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning shimoli-sharqidagi Sikkim shtatida qurilayotgan tunnelda gaz portlab, uning bir qismi qulashi oqibatida kamida 12 ishchi halok bo‘lgan edi.