Tunislik advokatlar Xalqaro jinoiy sudda Isroilga qarshi da’vo qo‘zg‘atmoqda
Olam
−
19 fevral
2945Tunislik bir guruh advokatlar Isroil rasmiylariga qarshi Xalqaro jinoiy sud prokurorlariga ariza kiritdi. Murojaat G‘azo sektorida urush jinoyatlari va genotsid jinoyatlari sodir etilgani bilan bog‘liq. Bu haqda Tunis milliy advokatlar uyushmasi rahbari Xatem Mazio ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ish bugun, 19 fevral kuni ertalab Xalqaro jinoiy sudning Gaagadagi bosh qarorgohiga o‘tkazilgan.
"Biz sionistik tuzilmaning falastinliklarga qarshi genotsid va urush jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishini ta’minlaymiz", deydi u.
Mazioning tushuntirishicha, da’vogarlarning maqsadi genotsid va urush jinoyatlarida ishtirok etgan Isroil rasmiylarini hibsga olish uchun order va chaqiruv qog‘ozi chiqartirishdir.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, shikoyatda G‘azo sektorida tinch aholiga qarshi harbiy jinoyatlar sodir etilganini tasdiqlovchi dalillar mavjud.
“Ushbu ma’lumotnomada sionistik tuzilmaning aholini ko‘chirish, himoyasiz tinch fuqarolarini ochlikdan o‘ldirish va xalqaro konvensiyalarda taqiqlangan qurollardan foydalanish kabi ko‘plab harakatlariga oid dalillar mavjud”, deydi u.
Mazioning so‘zlariga ko‘ra, tunislik huquqshunoslar Rim statutini Isroil rasmiylariga nisbatan qo‘llash va G‘azodagi tinch aholi himoyasini ta’minlash niyatida.
Bugun, 19 fevral kuni Xalqaro sudda Isroilning Falastin hududi, jumladan, Sharqiy Quddusni bosib olishining huquqiy oqibatlari bo‘yicha tinglovlar boshlandi.
26 fevralgacha davom etadigan tinglovda Arab Ligasi, Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika Ittifoqiga a’zo bo‘lgan 52 davlat vakillari Isroilning Falastin hududini bosib olishining huquqiy oqibatlari haqida ma’ruzalar qiladi.
Olti kunlik tinglovda har bir davlat va tashkilot o‘ttiz daqiqalik taqdimot bilan ishg‘olning davlatlar va BMT uchun oqibatlarini muhokama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 29 dekabrda Janubiy Afrika Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyani buzganligi uchun Isroilga qarshi Xalqaro sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgandi. Joriy yilning 26 yanvar kuni Gaagadagi Xalqaro sud Isroilga nisbatan vaqtinchalik choralar ko‘rish qarorini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi