Tunis sobiq bosh vaziri 34 yilga qamaldi

Olam

image

Kecha, 2 may kuni bosh vazir lavozimida ishlagan tunislik siyosatchisi Ali Lorayed terrorchilikka oid ayblovlar bo‘yicha 34 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Webdo” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha. Lorayed 2011-2013 yillarda ichki ishlar vaziri, 2013-2014 yillarda esa Tunis bosh vaziri lavozimlarida ishlagan. U, shuningdek, “An-Nahda” partiyasining yetakchilaridan biri hisoblanadi. 

Tunis birinchi instansiya sudi huzuridagi terrorizmga oid jinoyatlar bo‘yicha palata hukmida aytilishicha, hukm Lorayedga Tunis tashqarisidagi mojaroli hududlarga jangarilarni yuborish tarmoqlari bilan bog‘liq ish yuzasidan chiqarilgan.

Nashrga ko‘ra, Ali Lorayed 2022 yildan beri hibsda saqlanmoqda. Bu ish doirasida yana 7 kishi 18 yildan 36 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

Bungacha, 2024 yil fevral oyida sud “An-Nahda” partiyasi rahbari, sobiq parlament spikeri 83 yoshli Roshid al-Gannushiyga ham 22 yillik qamoq jazosi tayinlagan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil iyul oyida mamlakatda hayot darajasining keskin yomonlashuvi ortidan ommaviy noroziliklar yuzaga kelgach, prezident Qays Sayid parlament faoliyatini to‘xtatgan va hukumatni iste’foga chiqargan edi. 2022 yil mart oyida esa parlament rasman tarqatildi. Shu yil iyulda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazildi – g‘oyat past ishtirok (27 foiz) fonida 94,6 foiz ovoz bilan yangi konstitutsiya qabul qilindi. Bu hujjat Prezident vakolatlarini keskin kengaytirdi, 2014 yilgi demokratik asosli konstitutsiyani amalda bekor qildi.

Tanqidchilar, jumladan sobiq hukmron “An-Nahda” partiyasi vakillari hamda kasaba uyushmalari rahbarlari, bu o‘zgarishlarni demokratiyani bekor qilish deb baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peru sudi sobiq prezident Olyanta Umalani 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Olyanta Umalani Braziliyaning Odbercht  qurilish kompaniyasidan 2011 yilgi saylovlarda pul olganlikda ayblangan. Uning rafiqasi Nadin Eredia ham xuddi shunday muddat olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tunis sobiq bosh Ali Loraed An-Nahda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing