JCHdagi ilk iste’fo: Tunis bosh murabbiyi ishdan ketdi – OAV
Sport
−
15 iyun 1873 1 daqiqa
Tunis milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Sabri Lyamushi 2026 yilgi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz startdan so‘ng o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda jurnalist Romen Molina o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Bugun, 15 iyun kuni Tunis terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvida Shvetsiyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv 5:1 hisobida shvedlar foydasiga yakunlandi.
54 yoshli Sabri Lyamushi Tunis terma jamoasiga 2026 yil yanvar oyida bosh murabbiy etib tayinlangan va u bilan 2028 yil iyuligacha mo‘ljallangan shartnoma imzolangan edi. Uning boshqaruvi ostida jamoa beshta o‘yin o‘tkazib, faqat bittasida g‘alaba qozongan.
Murabbiylik faoliyati davomida Lyamushi Angliya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Fransiya klublarida ishlagan. Shuningdek, u Kot-d’Ivuar milliy terma jamoasini ham boshqargan.
Ma’lumot uchun, Tunis terma jamoasi guruh bosqichidagi keyingi uchrashuvlarini Niderlandiya va Yaponiya terma jamoalariga qarshi o‘tkazadi.
Live
Barchasi