Tunis qirg‘og‘ida 50 nafar migrant halok bo‘ldi
Olam
−
26 yanvar 2055 1 daqiqa
25 yanvar kuni O‘rta yer dengizida qayiq cho‘kib ketishi oqibatida kamida 50 nafar migrant halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Fojia natijasida faqat bir kishi omon qolgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Malta Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, qutqarib qolingan erkak 24 soat davomida ochiq dengizda qolib ketgan. U bilan birga qayiqda yana 50 nafar migrant bo‘lgan. Ular Tunisdan Yevropaga noqonuniy yo‘l bilan o‘tishga uringan.
Qayiq ag‘darilib ketishi natijasida yo‘lovchilarning deyarli barchasi suvga cho‘kib ketgan. Omon qolgan shaxs Tunis yaqinida savdo kemasi tomonidan qutqarib olingan va tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Maltaga olib kelingan.
Migrantlar uchun favqulodda vaziyatlar bo‘yicha faoliyat yurituvchi “Alarm Phone” tashkilotiga ko‘ra, muhojirlar xavfli bo‘lishiga qaramay, O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga yetib borish uchun tez-tez hayotini xavf ostiga qo‘yadi.
Ayni paytda Malta Qurolli kuchlari tomonidan yo‘qolgan shaxslarni qidirish va qutqarish ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Indoneziyaning G‘arbiy Yava provinsiyasiga qarashli G‘arbiy Bandung mintaqasida yuz bergan ko‘chki oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi, yana 82 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi