Rossiya 13 yil ichida ilk bor O‘rta yer dengizida harbiy kemalarsiz qoldi

Olam

image

O‘rta yer dengizida 2013 yildan buyon ilk bor birorta ham Rossiya harbiy kemasi qolmadi. Bu haqda “Russian Forces Spotter” ochiq manbalar asosidagi razvedka loyihasi xabar berdi.

“Hozirgi vaqtda O‘rta yer dengizida birorta ham Rossiya harbiy kemasi kuzatilmayapti. 2013 yildan beri Rossiya ushbu mintaqada uzluksiz harbiy-dengiz ishtirokini saqlab kelayotgan edi. Bugun esa, aftidan, ushbu uzluksizlik buzildi”, deyiladi xabarda.

Tahlilchilarning fikricha, buning asosiy sabablaridan biri keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin Turkiya bo‘g‘ozlari orqali harbiy kemalar o‘tishining bloklab qo‘yilgani bo‘lgan. Shu sababli Qora dengiz floti o‘z kuchlarini erkin rotatsiya qila olmayapti. 

Bundan tashqari, Rossiyaning Suriyaning Tartus shahridagi moddiy-texnik ta’minot punkti asta-sekin Rossiyaning O‘rta yer dengizidagi doimiy harbiy-dengiz ishtirokini ta’minlaydigan bazadan ko‘ra, cheklangan logistik tugunga aylanib bormoqda.

“Rossiya kuchlarining joylashtirilishi tobora epizodik tus olmoqda, ishtirokning uzluksizligi buzilgan. Endigi masala shundaki, uni tiklash imkoni bo‘ladimi yoki bu Rossiyaning O‘rta yer dengizidagi harbiy-dengiz ishtiroki xususiyatining uzoq muddatli o‘zgarishidan dalolat beradimi?” deyiladi xabarda.

“Starboard Maritime Intelligence” tahlilchisi Mark Duglas “The Insider” bilan suhbatda qayd etishicha, O‘rta yer dengiziga yo‘l olgan kemalar endilikda Shimoliy Yevropadan chiqishi va xuddi shu yo‘nalishda qaytishi kerak. Bunda Rossiya kemalarga logistik yordam ko‘rsatish imkoniyati bo‘yicha turli davlatlar bilan muzokaralar olib borishga majbur bo‘lmoqda, bu esa hozirgi siyosiy sharoitda tobora qiyinlashib bormoqda.

Duglas, shuningdek, Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining taqsimlanishiga boshqa omillar ham ta’sir qilayotganini ta’kidlagan. Sankt-Peterburg shahrida Rossiya harbiy kemalariga berilgan zarbalardan so‘ng, kuchlarning bir qismi Vladimir Putinning yaxtasini kuzatib borishga jalb qilingan, boshqa kemalar esa Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinida Rossiya kemalarini kuzatib borish vazifalarini bajarmoqda va vaqti-vaqti bilan fuqarolik kemalari tomon ogohlantiruvchi o‘qlar uzmoqda. Duglasning fikricha, ushbu holatlarning barchasi bir bo‘lib, Rossiyaning O‘rta yer dengizida doimiy ishtirokni saqlab turish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Shu bilan birga, tahlilchi mintaqada Rossiya kemalarining yo‘qligi, katta ehtimol bilan, vaqtinchalik xususiyatga ega deb hisoblaydi.

“Katta ehtimol bilan Rossiya kemalari O‘rta yer dengiziga qaytadi – masala ularning qaytish-qaytmasligida emas, balki aynan qachon qaytishidadir”, deydi u.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing