Tuxumbarak ham patentlandi
Jamiyat
−
13 iyun
10092Adliya vazirligi tomonidan Xorazm viloyatiga xos bo‘lgan tuxumbarak milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda bugun, 13 iyun kuni vazirlik xabar berdi.
Qayd etish joiz, mazkur taom o‘ziga xos tayyorlanish usuli, tarkibi va qadimiy an’analarga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Tuxumbarak asosan Xorazm viloyati aholisi orasida keng tarqalgan bo‘lib, ushbu hududning boy madaniy-gastronomik merosini aks ettiradi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi bu taomni huquqiy jihatdan himoya qilish, sifat va nufuzini saqlab qolish hamda Xorazmning hududiy brendi sifatida targ‘ib qilish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Adliya vazirligi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi. “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tovarni muayyan geografik ob’ekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 24 avgust kuni “G‘ijduvon shashlik”, 2024 yil 8 yanvar kuni esa “G‘uzor tandir go‘shti”, joriy yil 4 fevral kuni dunyoga mashhur “Samarqand noni” geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
LiveBarchasi