To‘qayevga samolyot qulashi yuzasidan hisobot berildi

Olam

image

Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov ayni paytda MDH davlatlarining norasmiy sammiti munosabati bilan Rossiyada bo‘lib turgan mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga Aqtau shahrida yuz bergan aviahalokat va unga oid olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan xabarga ko‘ra, hodisa joyida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun barcha choralar ko‘rilgan. Favqulodda vaziyatlar xizmatining 430 dan ortiq xodimi va 80 ga yaqin texnik vositasi jalb etilgan. 29 nafar jabrlangan shaxs shifoxonaga yotqizilgan. Ularga tibbiy, psixologik va boshqa zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. Favqulodda qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ozarbayjon hukumati bilan hamkorlikda xorijiy fuqarolarga va halok bo‘lgan yo‘lovchilarning oila a’zolariga yordam ko‘rsatilmoqda.

Bildirilishicha, Qozog‘iston Prezidenti jabrlangan fuqarolar bilan ishlashni alohida nazoratga olish va qo‘shni davlatlar hukumatlariga zarur yordamni taqdim etishni topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon aviakompaniyasining Baku-Grozniy reysi bo‘yicha uchayotgan samolyoti Qozog‘istonda halokatga uchragani xabar qilingandi.   
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu aviahalokat munosabati bilan MDHning norasmiy sammitida qatnashmay Bakuga qaytdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, barcha jabrlanganlarga tezroq shifo topishini tilagan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Ilhom Aliyev va Vladimir Putinga Qozog‘istonning samolyot halokatga uchragani oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik yo‘llagan.


Maqola muallifi

Teglar

samolyot Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing