To‘qayev Vengriyada futbol ko‘rish uchun stadionga bordi
Sport
−
20 noyabr
5810Budapeshtga davlat tashrifi bilan borgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamrohligida “Pushkash Arena Park” stadioniga tashrif buyurib, UEFA Millatlar ligasi doirasidagi Vengriya – Germaniya futbol uchrashuvini tomosha qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Millatlar ligasi “A” guruhining oxirgi turi doirasida o‘tkazilgan o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Uchrashuvda gollarga 76-daqiqada Feliks Nmecha va 90+9 daqiqada Dominik Soboslai mualliflik qildi.
Qayd etish joiz, To‘qayevning futbol sport turiga mehri bo‘lakcha. U o‘tgan yili oxirida Aqto‘be Sarjansoy qishlog‘idagi sport majmuasiga tashrifi chog‘ida “hameleon” to‘pni tepib gol urgandi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil iyul oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitidagi ishtirokini bekor qilib, Turkiya terma jamoasining Yevropa chempionatidagi o‘yinini ko‘rish uchun Germaniyaga borgandi.