To‘qayev O‘zbekistonga keladi
Olam
−
08 Sentabr 9482 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev joriy yil oxirida qator davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga ham tashrif buyuradi. Bu haqda u bugun, 8 sentyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida e’lon qildi.
Qozog‘iston Prezidenti, shuningdek, Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasida nutq so‘zlaydi.
“Yil oxirida mening Rossiya va O‘zbekistonga tashriflarim bo‘lib o‘tadi, biz Ozarbayjon, Armaniston, Turkmaniston rahbarlarini Ostonada qabul qilishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, qator Osiyo va Yevropa mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar rejalashtirilgan”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.
Shuningdek, Prezident Qozog‘iston-AQSH muloqoti faol rivojlanayotganini va Yevropa Ittifoqi bilan ko‘p qirrali aloqalarni alohida ta’kidlagan. Bundan tashqari, To‘qayev Ikkinchi jahon urushi yakunlarining “asosiy institutsion ifodasi”ga aylangan BMTning 80 yilligi sanasini ham eslatib o‘tgan.
“BMT hanuzgacha o‘z muqobiliga ega emas va Qozog‘iston fikriga ko‘ra, barcha dolzarb xalqaro muammolarni adolatli hal etish uchun asosiy muzokara maydonchasi bo‘lib xizmat qilishi kerak”, deydi Prezident.
Qozog‘iston rahbari, eng avvalo, uning asosiy organi – Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurligi “pishib yetilganini” qayd etgan.
“Yaqinda Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasida nutq so‘zlashni rejalashtiryapman, unda Qozog‘istonning xalqaro vaziyat bo‘yicha qarashlarini, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish bo‘yicha takliflarni taqdim etaman”, deya qo‘shimcha qilgan To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘qayev bugungi murojaatida respublikada ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tish uchun parlament islohotini o‘tkazishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi