To‘qayev Rossiyani chetlab o‘tib, Yevropaga neft bermoqchi. Putin uning quvurlarini yopib qo‘ygan
Olam
−
07 iyul 2022
27536Qozog‘iston Rossiyani chetlab o‘tib, Kaspiy dengizdan Yevropaga o‘tadigan neft tranziti tashkil etadi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev maxsus topshiriq berdi.
“Transkaspiy ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. “KazMunayGaz”ga uni amalga oshirishning eng yaxshi variantini, jumladan Tengiz loyihasidan investorlarni jalb qilish imkoniyatlarini ishlab chiqishni topshiraman. Hukumat “Samruk-Kazina” bilan birgalikda Atirau-Kengqiyoq va Kengqiyoq-Qumko‘l neft quvurlari quvvatini oshirish choralarini ko‘rishi kerak”, deydi To‘qayev.
Qozog‘iston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, modernizatsiya suv transportiga ham ta’sir qiladi.
“Qozog‘iston hech qachon dengiz mamlakati bo‘lmagan va shuning uchun ham dengiz transporti imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmagan. Ammo hozir zamon boshqacha. Men hukumat oldiga portlarimizni o‘zgartirish, ularni Kaspiy dengizining yetakchi markazlaridan biriga aylantirishni strategik vazifa qilib qo‘ydim. Men konseptual jihatdan dengiz flotini mustahkamlash va Oqtau portida konteyner tashuvchi xab yaratish zarurligiga qo‘shilaman”, degan davlat rahbari.
Qozog‘iston Yevropaga neft yetkazib beradigan asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat nefti asosan Rossiya orqali o‘tadigan Kaspiy bo‘yi konsorsiumidan oqib Yevropa davlatlarigacha boradi. Ammo Rossiya sudi Qozog‘iston neftini eksport qilish bo‘yicha “Kaspiy quvurlari konsorsiumi” faoliyatini 5 iyuldan 4 avgustga qadar to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi.
Avvalroq, To‘qayev Yevropaga Rossiya nefti o‘rniga o‘zinikini taklif qilgandi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston kuniga 1,7 million barrelga yaqin neft qazib oladi. Uning katta qismi eksport qilinadi. Mamlakat Ukrainadagi urushdan oldin ham Italiya, Niderlandiya va Fransiya davlatlariga neft sotgan.