To‘qayev Putinning oldidan to‘g‘ri Aliyevning dargohiga boradi. Asosiy mavzu neftmi?
Olam
−
18 avgust 2022
8803Joriy yilning 24 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ozarbayjonga tashrif buyuradi va mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazadi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni To‘qayev idorasi xabar berdi.
“Davlat rahbari 24 avgust kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Baku shahriga keladi. Ozarbayjon poytaxtida ikki davlat rahbarlarining tor hamda kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan” deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, muzokaralar kun tartibidan savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratgan holda ikki tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan bo‘lib, uning yakunlari bo‘yicha bir qator ikki tomonlama shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat rahbarlari qozoq neftini Ozarbayjon orqali Yevropaga yetkazib berish masalasiga ham to‘xtalishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Rossiyani chetlab o‘tib, Kaspiy dengizdan Yevropaga o‘tadigan neft tranziti tashkil etishi haqida maxsus topshiriq bergandi.
Avgust oyida esa Qozog‘istonning “KazMunayGaz” (KMG) davlat kompaniyasi Yevropaga neft yetkazib berish bo‘yicha Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Biroq mamlakat Energetika vaziri Bolat Akchulakov Hukumat hali qozoq neftini Yevropaga Ozarbayjonning Baku-Tbilisi-Jayhon quvuri orqali yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolashni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u bunday masalani milliy kompaniyalar darajasida muhokama qilish mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 19 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Sochiga tashrif buyuradi. Tashrif davomida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, muzokara o‘tkazadi.
LiveBarchasi