To‘qayev Prezident Administratsiyasini qisqartirdi
Olam
−
01 Sentabr 2023
5465Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Davlat rahbari Administratsiyasini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, unga ko‘ra ma’muriyat rahbari o‘rinbosarlari lavozimlari tugatildi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangilangan tuzilmasi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- Prezident Administratsiyasi rahbari;
- Xavfsizlik Kengashi kotibi;
- Prezident kanselyariyasi rahbari;
- Prezident yordamchilari;
- Prezident maslahatchilari;
- Prezident ma’muriyatining bo‘limlari.
Bundan tashqari, prezidentning ichki siyosat va kommunikatsiyalar, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar, huquq, shuningdek, fan va innovatsiyalar bo‘yicha yordamchilari lavozimlari tashkil etilmoqda.
"Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosarlari lavozimlari tugatilmoqda. Prezident Administratsiyasining to‘rtta bo‘limi ham qisqartirildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, bugun, 1 sentyabr kuni Qosim-Jomart To‘qayev xalqqa yo‘llagan murojaatida Qozog‘iston hukumati Prezident Administratsiyasi bilan harakatlarni muvofiqlashtirishni to‘xtatishini aytgan.
Bundan tashqari, To‘qayev Prezident Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Timur Suleymenov, Administratsiya rahbari o‘rinbosarlari Yerjan Jiyenbayev, Aida Balayeva, Yerjan Kazixan, Yernar Baspayev, Ruslan Jeldibay, shuningdek, Prezident yordamchilari Aset Isekeshev, Kanatbek Jaysanbayevlarni ishdan olgan.
Ma’lumotlar uchun, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi davlat rahbari tomonidan tuziladigan va unga bevosita bo‘ysunuvchi va hisob beruvchi davlat organi hisoblanadi. Administratsiyaning vazifasi Prezident faoliyatini sifatli va o‘z vaqtida axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlash, huquqiy, protokol-tashkiliy, hujjatlashtirish ishlari bilan shug‘ullanishdan iborat.
LiveBarchasi