To‘qayev poraxo‘r amaldorlardan tortib olingan pullar nimaga sarflanishini aytdi
Olam
−
01 Sentabr 2022
5173Poraxo‘r amaldorlardan musodara qilingan pullar Qozog‘istonda maktablar qurishga yo‘naltiriladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 1 sentyabr kuni xalqqa qilgan Murojaatnomasida so‘z ochdi.
“Korrupsionerlar tomonidan davlatdan noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilgan barcha mablag‘lar olib qo‘yilishi va maktablar qurilishiga sarflanishi kerak”, deydi Prezident o‘z nutqida.
Davlat rahbari o‘rta ta’lim sifati muvaffaqiyatli davlat taraqqiyotining muhim sharti ekanini ta’kidladi.
“Har bir o‘quvchining har tomonlama bilim olishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi kerak. Shuning uchun ham “Qulay maktab” milliy loyihasi yo‘lga qo‘yildi. 2025 yilgacha zamonaviy talablarga javob beradigan 800 ming talaba o‘rni yaratamiz. Bu avariyali va uch smenali maktablar muammosini to‘liq hal qiladi”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.
Prezident ta’kidlaganidek, bu chora-tadbirlar qishloq va shahar maktablari o‘rtasidagi farqni sezilarli darajada kamaytiradi.
“Umuman olganda, maktablar qurish hukumat va hokimliklarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi kerak”, deydi To‘qayev.
Prezident, shuningdek, adolatli Qozog‘iston qurishda maktab o‘qituvchilari hal qiluvchi rol o‘ynashi kerakligini ta’kidladi.
“So‘nggi yillarda bu kasbning jozibadorligini oshirish bo‘yicha davlat tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Ammo bu yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar hali ham talab qilinmoqda. Pedagogika oliy o‘quv yurtlarini akkreditatsiya qilishning yangi standartini qabul qilish va o‘qituvchilarning kompetensiyalari doirasini ishlab chiqish zarur”, deya qo‘shimcha qildi Prezident.
To‘qayev o‘rta maktabda tabiiy-matematik sikl bo‘yicha fanlar va ingliz tilini o‘qitishni kuchaytirishga chaqirdi.
Prezident To‘qayevning poraxo‘rlardan qo‘lga kiritilgan mablag‘larga maktablar qurish haqidagi gaplari O‘zbekistonda ham allaqachon diqqat markaziga tushdi. Ijtimoiy tarmoqlar va jamoatchilik ushbu masalani muhokama qilarkan, bloger Davletov shunday yozdi:
"Bizda ham Gulnora Karimovaning noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mablag‘larini, umuman, barcha korrupsionerlar pullarini yangi maktablar qurilishiga yo‘naltirishsa yaxshi bo‘lar edi".