To‘qayev Nazarboyevning yana bir merosi ustidan tuproq tortdi

Olam

image
“Menga qiziq emas”. To‘qayev Putin va Nazarboyevning uchrashuvlari haqida gapirdi north_east

“Menga qiziq emas”. To‘qayev Putin va Nazarboyevning uchrashuvlari haqida gapirdi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevdan meros bo‘lib qolgan Qozog‘iston Xalq Assambleyasini tugatib, uning o‘rniga yangi platforma tuzishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi. 

To‘qayev umummilliy muloqotni o‘tkazish uchun platforma sifatida Qozog‘iston Xalq kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. 

“Islohotlarning yangi bosqichida Qozog‘istonga ijtimoiy taraqqiyotning barcha masalalari bo‘yicha umummilliy muloqotni muntazam o‘tkazish uchun keng platforma yoki minbar zarur. Ushbu platforma xalqimizning birdamligi va jipsligiga hissa qo‘shadigan asosiy ijtimoiy-siyosiy birlashmalar va tuzilmalarni o‘z ichiga oladi”, deydi To‘qayev Milliy qurultoy yig‘ilishida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston xalqi assambleyasi va Milliy qurultoyning tarixiy ahamiyatga ega missiyalari amalda muvaffaqiyatli yakunlandi. 

“Yangi institut sifatida Qozog‘iston xalq kengashini tashkil etishni taklif qilaman”, deydi Prezident. 

Uning qayd etishicha, Xalq kengashi o‘z mohiyatiga ko‘ra, boshqa mamlakatlarning maslahat tuzilmalari tajribasini o‘zida mujassam etgan yangi davlat organiga aylanadi. Unda barcha elatlar, aholi guruhlari va hududlar o‘z vakillariga ega bo‘ladi. 

Qozog‘iston Xalq kengashi mamlakatning oliy maslahat organi maqomiga ega bo‘ladi. Kengash tarkibini 126 kishidan shakllantirish taklif etildi: 42 nafari – etnomadaniy birlashmalardan, 42 nafari – yirik jamoat birlashmalaridan, 42 nafari – maslihatlardan (mahalliy vakillik organlaridan – tahr.) va mintaqaviy jamoatchilik kengashlari.

Xalq kengashining barcha a’zolari Prezident tomonidan tayinlanadi, rais esa uning a’zolari tomonidan saylanadi. 

Xalq kengashining oliy organi yiliga kamida bir marta chaqiriladigan sessiya bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Kengashga Qozog‘iston xalqi assambleyasining millatlararo va konfessiyalararo totuvlik masalalari bo‘yicha bazaviy funksiyasi o‘tkaziladi.  

“Shu bilan birga, yangi organ ichki siyosatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga ham e’tibor qaratadi, davlat mafkurasi, shuningdek, konstitutsiya va davlatimizning boshqa muhim hujjatlari qoidalarini targ‘ib qilish va tushuntirish bilan shug‘ullanadi”, deya aniqlik kiritdi Qozog‘iston Prezidenti. 

Qozog‘iston Xalq Assambleyasi 1995 yilda Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan mamlakatdagi turli etnik guruhlar o‘rtasidagi totuvlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. 2021 yilning apreligacha Assambleyaga Nursulton Nazarboyevning o‘zi rahbarlik qilib kelgan va bu lavozim unga umrbod berilgan edi.

2021 yil 29 aprelda Nursulton Nazarboyev QXA raisi vakolatlarini amaldagi Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirishga qaror qildi. Assambleya a’zolarining umumiy taklifiga binoan, Nazarboyevga QXAning faxriy raisi maqomi berildi.

2022 yilda sodir bo‘lgan “qonli yanvar” fojialaridan so‘ng Nazarboyevning mamlakat siyosatidagi ta’siri keskin kamaydi. Parlament qarori bilan u QXA va Xavfsizlik kengashi raisi o‘laroq umrbod vakolatlaridan mahrum etildi. 2022 yildagi konstitutsiyaviy referendum esa uni Elboshi maqomidan ham mahrum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing