“Menga qiziq emas”. To‘qayev Putin va Nazarboyevning uchrashuvlari haqida gapirdi
Olam
−
05 yanvar 6763 3 daqiqa
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2022 yilda bo‘lib o‘tgan “qonli yanvar” foijalari va unda Nursulton Nazarboyev hamda uning oilasiga qarshi namoyishlardan keyin birinchi marta Birinchi Prezidentning bugungi Qozog‘istonning bunyod bo‘lishiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirdi. Mahalliy “Turkiston” gazetasiga bergan intervyusida To‘qayev Nazarboyevni hozirgi qozoq davlatchiligining asoschisi deb bilishini va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham uni hurmat qilishini aytgan.
Jurnalist To‘qayevga Nazarboyev prezidentlikdan ketgan bo‘lsa-da, Rossiya rahbari bilan bot-bot uchrashib turishi, xususan joriy yilning may va dekabr oylarida Putinning qabulida bo‘lganini nazarda tutib, “bu g‘ashga tegadigan hodisa emasmi”, deya yuzlangan.
“Muntazam o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlar norasmiy xarakterga ega. Buni Rossiya Prezidentining o‘zi ham ta’kidlaydi. Yaqinda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vladimir Putin menga Nursulton Nazarboyevni uning iltimosiga binoan qabul qilishini aytgan edi.
Rossiya prezidentining o‘ziga xosligi: u do‘stlari va hamkasblari bilan iliq munosabat o‘rnata oladi. Ishi juda band bo‘lsa-da, shanba (27 dekabr – tahr.) kuni u Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti bilan shoshilmasdan suhbatlashish uchun vaqt ajratdi. U Nursulton Nazarboyevni Yevroosiyodagi integratsiya jarayonining boshida turgan tajribali siyosatchi sifatida baholaydi. Rossiya bu jarayonda yetakchi rol o‘ynamoqda. Kremldagi uchrashuv Vladimir Putinning yuksak insoniy fazilatlaridan dalolat beradi”, deydi To‘qayev.
Qozog‘istonni 2019 yildan buyon boshqarib kelayotgan 72 yashar To‘qayev Nazarboyev va Putin uchrashuvlarida muhokama qilingan masalalarga to‘xtalarkan, ular o‘rtasidagi suhbatlarda nima aytilgani uni hech qachon qiziqtirmaganini ochiqladi.
Prezident so‘zida davom etarkan, Nursulton Nazarboyev shaxsiyatiga hurmat bilan yondashib, Birinchi Prezidentning mamlakat rivoji uchun qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etgan.
“Shaxsan Nursulton Nazarboyevga kelsak, men uni hozirgi qozoq davlatchiligining asoschisi deb bilishimni bir necha bor aytganman. Uning davlat institutlari va iqtisodiyotning bozor mexanizmlarini yaratish, yangi poytaxtimizni barpo etish yo‘lidagi mehnatini hamma biladi. O‘zingizga ma’lumki, biz Qozog‘istonni Adolat, Qonun va Tartib qaror topgan mamlakatga aylantirmoqchimiz. Shuning uchun hech kimni kamsitmasdan, har bir fuqaroning mehnatini adolatli baholash kerak. Bu mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga ham tegishli”, deydi To‘qayev.
Garchi davlat rahbari o‘zidan avvalgi Prezidentga so‘zda yuqori hurmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi haqiqiy vaziyat ancha farq qiladi. Nazarboyev 2022 yildan keyin bir qator rutbalaridan ayrilgan. Hatto, yaqinda, 27 dekabr kuni Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyin, Qozog‘istonda Majlis (parlamentining quyi palatasi) deputati Yermurat Bapi davlat sirlariga ega bo‘lgan sobiq yuqori lavozimli amaldorlar, jumladan Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning ham xorijga chiqishini qonuniy jihatdan cheklashni taklif qildi. Uning fikricha, Nazarboyevning xorijiy safarlari va davlat rahbarlari bilan uchrashuvlari milliy xavfsizlik uchun muayyan xatarlar tug‘dirishi mumkin.
Live
Barchasi