To‘qayev Nazarboyev haqida gapirdi
Olam
−
28 yanvar 2022 20630 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev vatandoshlarini Respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning tarixiy xizmatlarini unutmaslikka chaqirdi. Bu haqda davlat rahbari Matbuot xizmati To‘qayevning hukmron “Nur Otan” partiyasi qurultoyidagi nutqidan so‘ng ma’lum qildi.
“Birinchi Prezidentning tarixiy xizmatlariga hurmat bajo keltiraylik, uning shubhasiz muvaffaqiyatlari va xizmatlarini ta’kidlaylik”, degan To‘qayev.
Amaldagi Prezidentga ko‘ra, Nazarboyev mamlakatning eng og‘ir tarixiy davrida — 1990-yillar boshida davlat qurilishining eng murakkab missiyasini o‘z zimmasiga olgan.
“90-yillarning o‘rtalarida chegarani qonuniy rasmiylashtirish bo‘yicha ishlar boshlandi, u delimitatsiya va demarkatsiya bilan yakunlandi. Bu yutuq davlatimiz xavfsiz faoliyat yuritishi uchun strategik ahamiyatga ega edi”, deya tushuntirgan To‘qayev Nazarboyev erishgan yutuqlar haqida gapirar ekan.
To‘qayevning aytishicha, hukmron “Nur Otan” partiyasi faoliyatini tubdan qayta qurish kerak.
“Men mamlakatni har tomonlama modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli kun tartibini ilgari surdim. “Nur Otan” uni amalga oshirishda faol ishtirok etishi, Qozog‘istonning ilg‘or o‘zgarishlari va yangilanishining haqiqiy dvigateli bo‘lishi kerak. Lekin buning uchun “Nur Otan” o‘zini yangilashi lozim”, degan u.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yilgi saylov natijalariga ko‘ra, “Nur Otan” xalqdan kerakli ishonch mandatini olgan.
“Ammo ijro hokimiyati bundan unumli foydalanmadi, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning jiddiy yomonlashishiga yo‘l qo‘ydi. Buyurtmalar, rejalar, topshiriqlar ko‘pincha rasmiy ravishda, qog‘ozda amalga oshirildi. Tanqidiy pallada partiyaning butun ulkan kadrlari va inson salohiyati, barcha keng infratuzilmasi to‘liq ishga solinmadi”, deya tushuntirgan To‘qayev.
Uning ta’kidlashicha, partiyaning bundan keyingi barkamolligi saylovoldi va’dalari qay darajada amalga oshishiga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, “Nur Otan” partiyasining bugun, 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyida mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev To‘qayevni hukmron partiya raisligiga saylash taklifi bilan chiqdi. Partiyaning navbatdan tashqari 21-s’ezdi qarori bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Kemelevich To‘qayev bir ovozdan “Nur Otan” partiyasi raisi etib saylandi.
Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev 2019 yil mart oyida lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan. O‘shandan buyon Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirgan.
Live
Barchasi