Zo‘r ketayotgan Mirziyoyev

Tahlil

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni do‘stim deb atadi. Tramning so‘zlariga ko‘ra O‘zbekistonda ishlar zo‘r ketyapti.  O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ga mablag‘ qo‘shdi. Mirziyeyov esa o‘z navbatida, G‘azoda uy-joy binolari, bolalar bog‘chasi, maktab va shifoxonalar qurishga tayyorligini ma’lum qildi. Kengash doirasida Qozog‘iston Prezidenti To‘qayev Tramp mukofotini joriy etishni taklif qildi hamda G‘azoga harbiy qo‘shin yuborishini bildirdi. Yaqin daqiqalar ichida shu kabi muhim yangilar bilan tanishasiz.

So‘nggi yillarda dunyo siyosiy xaritasida muhim o‘zgarishlar yuz berayotgan bir paytda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar alohida e’tibor markazida turibdi. Bu oddiy diplomatik aloqalar emas – gap strategik sheriklik, iqtisodiy manfaatlar va geosiyosiy muvozanat haqida bormoqda. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga joriy yilning 18 fevral kuni Vashington shahriga tashrif buyurdi. Bu so‘nggi besh oyda Mirziyoyevning AQSHga uchinchi bor tashrifi hisoblanadi.  “Endryus” aviabazasida oliy martabali mehmonni AQSH–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Missisipi shtati Milliy gvardiyasi birlashgan shtabi qo‘mondoni Jeyms Xenkins va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Vashingtonda ajratilgan qarorgohda esa AQSH Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli qabul qildi. Bu qabul marosimi tashrifning siyosiy ahamiyati qay darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlardan biri – “Tinchlik kengashi”ning birinchi sammitida ishtirok etish. Mazkur tashabbus ilk bor joriy yil 22 yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida ilgari surilgan edi. O‘sha yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” ustavini imzoladi. Bu qadam O‘zbekistonning global tinchlik va xavfsizlik masalalarida faol ishtirok etishga tayyor ekanini anglatadi. Kengashga jami 62 davlat taklif etilgan bo‘lib, hozirga qadar 25 davlat ustavni imzolab, rasman a’zo sifatida qabul qilingan. 

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida yangi investitsion platforma tashkil etildi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi 1 mlrd AQSH dollarini tashkil qilgandi. Joriy yilda bu ko‘rsatgich yanada oshirilishi rejalashtirilgan. AQSH vaqti bilan 18 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev AQSH Savdo vaziri Xovard Latnik, AQSH Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovich hamda AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek va boshqa qator investorlar bilan uchrashdi.

O‘zbekiston rahbari huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. 

Jumladan, AQSHning Naymers kompaniyasi O‘zbekistonda logistika sohasida 2 milliard AQSH dollarilik yangi kompaniya tashkil etish rejasi haqida ma’lum qildi. Open Hemmer kompaniyasi “Citi Bank” bilan hamkorlikda IPO doirasida aksiyalarni joylashtirish jarayonida underwriter sifatida ishtirok etadi. Kompaniya qiymatini 2 milliard dollar darajasida baholash rejalashtirildi. Bu esa “Sentrum Air”ni Markaziy Osiyodagi eng qimmat kompaniyalardan biriga aylantiradi. AQSHning “Gulf” kompaniyasi esa O‘zbekistonda kamida 100 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirishni rejalashtirganini bildirdi. Ular G‘arb standartlari asosida yuqori sifatli yoqilg‘i bilan ta’minlangan holda barpo etiladi. Shu davr mobaynida chakana savdo aktivlariga kamida 150 million dollar miqdorda sarmoya kiritiladi. Hozirda O‘zbekiston bozorida AQSHning 340 ga yaqin kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.

Mirziyoyev o‘z nutqida mazkur uchrashuvlar yangi, amaliy formatdagi muloqot ekanini ta’kidlab, iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va o‘zaro manfaatdorlik ruhida yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, ishonchli sheriklik, aniq qoidalar va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillari O‘zbekiston–AQSH munosabatlarining asosini tashkil etmoqda. 

19 fevral kuni “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishi Amerikaning  Tinchlik institutida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Oq uy tarafidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritib borildi. 

Mazkur sammitda qatnashish uchun Vashingtonga 40 dan ortiq davlat vakillari, jumladan, davlat rahbarlari tashrif buyurdi. Mezbon taraf bo‘lgan AQSH Prezidenti Donald Tramp barcha qo‘noqlarni birma-bir tanishtirib o‘tdi. Navbat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kelganda, Donald Tramp O‘zbekiston rahbarini do‘sti deb hisoblashini aytdi.

“O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev, mening do‘stim. Sizning mamlakatingiz ajoyib tarzda rivojlanmoqda. Siz ajoyib ishlayapsiz. Va muammo yo‘q”, dedi Tramp.

Shuningdek, AQSH Prezidenti do‘stining familyasini aytishda qiynalishini, Mirziyoyevning familiyasi tarixdagi eng qiyinlaridan biri ekanini qo‘shimcha qildi.

Tramp nutqi davomida, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni va Quvayt yordam paketiga 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratganini ma’lum qildi. Biroq, qaysi mamlakat aynan qancha pul mablag‘i qo‘shganini ochiqlamagan Tramp bu mablag‘ hammasini qurolsizlantirilganidan so‘ng anklavni qayta tiklashga qaratilishini bildirdi. Tramp shuningdek, FIFA G‘azoda futbolga oid loyihalar uchun 75 million AQSH dollari ajratishini, Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa gumanitar yordam uchun 2 milliard AQSH dollari qo‘shishini bildirdi. Qo‘shma Shtatlar tinchlik kengashiga 10 milliard dollar miqdorida hissa qo‘shishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq, AQSH Prezidenti “Tinchlik kengashi” a’zolarining har biri 1 milliard AQSH dollari to‘lov qilishlari kerakligini bildirgandi. Lekin Qozog‘iston va O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ga $1 mlrd miqdoridagi badalsiz a’zo bo‘lgani ochiqlangandi.

“Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston G‘azoda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishiga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga kengashning ilk yig‘ilishini chaqirgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz. Shubhasiz, bugungi sammit – Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir”, dedi O‘zbekiston rahbari nutqi avvalida.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ni tuzish bo‘yicha tinchlikparvar tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirishda amaliy ishtirok etish niyatini qat’iy bildiradi.

“Ishonchim komilki, kengash faoliyati G‘azo sektorining iqtisodiy va ijtimoiy tiklanishi uchun qulay sharoit yaratadi. “Uchrashuvimiz xalqaro hamjihatlik, tinchlikparvarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan umumiy intilishning yorqin ifodasidir. Biz ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanib, iqtisodiyoti ravnaq topgan va barcha aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilgan yangi G‘azoni barpo etishimiz kerak”.

Shu bilan birga, Mirziyoyev har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligini aytdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari mojarodan keyingi jarayonning barqarorligini ta’minlash va G‘azoni tez fursatda tiklash uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ni tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining amaliy ishtirokini qat’iy bayon etishini bildirdi. Shavkat Mirziyoyevning bildirishicha, barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

“Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, deydi O‘zbekiston yetakchisi. Qayd etish joizki, AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.
Xususan, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Tramp mukofotini ta’sis etishni taklif qildi.

“Men Prezident Trampning tinchlikparvarlik sohasidagi ulkan yutuqlarini e’tirof etish uchun uning nomidagi maxsus “Tinchlik kengashi” mukofotini ta’sis etishni taklif qilmoqchiman”, degan To‘qayev. Shuningdek, Qozog‘iston dunyodagi yirik bug‘doy ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida gumanitar yordam ko‘rsatishga, shu jumladan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, falastinlik talabalar uchun besh yil davomida 500 ta grant ajratish rejasini ma’lum qildi.

“Tinchlik kengashi” doirasida Qozog‘iston G‘azo uchun Xalqaro xavfsizlik kuchlariga (XXK) qo‘shin yuborishga rozilik bildirgani ma’lum qilindi. Qozog‘istondan tashqari Indoneziya, Marokash, Kosovo va Albaniya ham qo‘shin yuborishga kelishgan. Misr va Iordaniya esa politsiyani tayyorlashga mas’ul etib belgilanganligi Kengashning birinchi uchrashuvida aytib o‘tildi.

AQSH qo‘mondoni Jasper Jeffersning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro xavfsizlik kuchlari dastlab G‘azo janubidagi Rafahda joylashadi, politsiyani tayyorlaydi va keyinchalik sektor-sektor bo‘lib kengayadi. Uzoq muddatli rejaga ko‘ra, 20 000 XXK askari va 12 000 politsiyani tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, Tramp ma’muriyati G‘azo sektorida 5 ming nafar harbiyni joylashtirish uchun Halqaro barqarorlashtirish kuchlari (HBK) bazasini qurishni rejalashtirmoqda.  

Rejaga ko‘ra, baza G‘azoning janubida 350 akrdan ortiq (1,4 kvadrat kilometrdan ziyod) hududni egallaydi. Ob’ekt 26 ta zirhli kuzatuv minorasi va tikanli sim bilan o‘raladi. Hududda otish maydoni, bunkerlar va harbiy texnika omborlari joylashtiriladi. Halqaro barqarorlashtirish kuchlari yaqinda tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” tarkibiga kiradi. Unga Donald Tramp rahbarlik qiladi, uning kuyovi Jared Kushner esa hamrahbar vazifasini bajaradi. Tramp ma’muriyati vakili shartnoma bo‘yicha izoh berishdan bosh tortib, maxfiylik siyosatiga ishora qilgan hamda baza hududida amerikalik harbiylar bo‘lmasligini qistirib o‘tgan.

Bundan tashqari, tadbirda boshqa xorijiy mamlakatlarning davlat, hukumat va tashqi siyosiy idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqishdi. Yig‘ilish yakunida “Tinchlik kengashi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Ikki kunlik amaliy tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketdi. Aeroportda davlatimiz rahbari va rafiqasini AQSH–O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev maktab Donal'd Tramp sammit bolalar bog'chasi To'qaev G'azo diplomatik aloqalar shifoxonalar “Tinchlik kengashi” Tramp mukofoti uy-joy binolar qurish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing