Erdo‘g‘anning Qozog‘istonga sayohati

Tahlil

image

Jahonda yuz berayotgan so‘nggi voqealar fonida, transport yo‘laklari, energetika, savdo va xavfsizlik masalalari global siyosat markaziga chiqayotgan bir paytda Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Qozog‘istonga qilgan safari ham oddiy diplomatik tashrifdan ko‘ra, kattaroq ma’no kasb etayotgandek.  Rossiya-Ukraina urushi ortidan o‘zgargan logistika tizimi, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yangi savdo yo‘llari uchun kurash hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi integratsion harakatlar Turkiya rahbarini yana Ostonaga chorladi.

Erdo‘g‘an Ostonada

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an 13 may kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga yetib keldi. Qozog‘istonning harbiy qiruvchi samolyotlari Erdo‘g‘anning samolyotini mamlakat havo hududiga kirishi bilanoq kuzatib bordi. Turkiya rahbarini Ostona xalqaro aeroportida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning shaxsan o‘zi kutib oldi. Tashrif uchun poytaxt ko‘chalari Turkiya va Qozog‘iston bayroqlari bilan bezatildi, aeroportda esa, faxriy qorovul saf tortdi. Yuqori martabali mehmon sharafiga Qozog‘iston Havo mudofaa kuchlarining qiruvchi samolyotlari namoyish parvozini amalga oshirgan. Samolyotlar ortidan qizil va oq rangli tutun izlarini qoldirib, Turkiya bayrog‘ini aks ettirgan

Kutib olish marosimi haqida gapirar ekan Turkiya rahbari Qozog‘istonni “ota makon” deb atagan.

“Qozog‘iston havo hududiga kirganimizdan boshlab samolyotlar hamrohligida kutib olinishimiz delegatsiyamiz uchun katta hurmat bo‘ldi. Buni unutmaymiz”, degan Turkiya Prezidenti.

Shundan so‘ng, ikki davlat rahbarlari rasmiy delegatsiya a’zolarini bir-biriga tanishtirgan. Turkiya delegatsiyasi tarkibida tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, mudofaa vaziri Yashar Guler, savdo va sanoat vaziri O‘mer Bolat va Prezidentlik aloqa direktori Burhoniddin Duran ham bor edi.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning VI yig‘ilishida qator siyosiy va iqtisodiy masalalar shu jumladan, energetika, transport-logistika, mudofaa sanoati, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini 15 milliard dollarga yetkazish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va tovar aylanmasi hajmini oshirish masalalarini muhokama qilgan. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,8 foizga yoki 5,4 milliard dollardan oshgan.

“Savdo, energetika, mudofaa sanoati, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildik. Ikki tomonlama savdo hajmini 15 milliard dollarga yetkazish niyatimizni tasdiqladik”, deydi Turkiya rahbari.

Ammo shubhasiz, tashrifdan asosiy maqsad ham, muzokaralarning asosiy mavzusi ham O‘rta koridor masalasi bo‘lgan deyish mumkin.  Rossiya-Ukraina urushi ortidan o‘zgargan logistika yo‘llari va Markaziy Osiyoning tranzit ahamiyati ortib borayotgani fonida transport koridorlari muhim mavzuga aylandi. Aynan mana shu yerda, tashrif nega aynan Qozog‘istonga bo‘lgani sababi oydinlashadi. O‘rta yo‘lakning Markaziy Osiyodan o‘tuvchi qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgani uchun ham bugun uning Anqara siyosatidagi o‘rni oshdi.

Erdo‘g‘an bu yo‘nalishni "Ipak yo‘lining zamonaviy ko‘rinishi" deb atadi. Kelishuvlarga ko‘ra, Qozog‘iston Aktau va Kurik portlari imkoniyatlarini kengaytiradi, turk investorlari esa, bu portlar infratuzilmasiga jalb etiladi. O‘tgan yili ikkala mamlakat o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish 35 foizga, avtomobil yo‘llari orqali yuk tashish esa 5 foizga oshgani muzokaralarda alohida ahamiyat kasb etdi.

Muzokaralar natijasida imzolangan hujjatlar paketiga ko‘ra, huquqiy yordam, madaniy markazlar, investitsiyalarni himoya qilish, neft-gaz hamkorligi, uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish, ta’lim va teleradiokomunikatsiya kabi qator sohalar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, “Kaspi.kz” platformasining Turkiyaning “Hepsiburada” elektron tijorat platformasiga ko‘mak berishi, “Freedom Holding Corp” kompaniyasining esa, Turkiyada raqamli va brokerlik xizmatlarini kengaytirishiga kelishib olindi.

Tashrif davomida Erdo‘g‘an Qozog‘istonning yangi ta’sis etilgan “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” ordenini olgan birinchi shaxsga aylandi. Marosimda so‘zga chiqqan To‘qayev Erdo‘g‘anga nisbatan iliq fikrlar bildirib, uni turkiy dunyoning yetakchilaridan biri deb atadi.

“Siz turkiy dunyoning eng obro‘li yetakchilaridan birisiz. Siz qardosh mamlakatlarning ma’naviy va siyosiy birligini mustahkamlash yo‘lida tinimsiz sa’y-harakat qilib kelmoqdasiz”, dedi u.

Siyosatshunos Daniyar Ashimbayevning ta’kidlashicha, tashrif ohangiga e’tibor bersak, bu shunchaki rasmiy muloqot emasdi: ikki rahbar orasida aka-uka munosabatlari emas, balki teng hamkorlik ruhi hukmron edi. Rossiya-Ukraina urushi sababli an’anaviy savdo yo‘llari izdan chiqqan bugungi kunda Qozog‘iston uchun Turkiya bilan yaqinlashuv maqsad emas, bu –zaruriyat. Ostona g‘arbga yo‘l ochuvchi “O‘rta yo‘lak”ni qanchalik mustahkamlasa, Moskvaga bog‘liqlikdan shunchalik yiroqlashadi. Anqara esa, bu yo‘nalish orqali Markaziy Osiyoga mustahkam qadamlar bilan kirib kelmoqda.

Turkistondagi norasmiy sammit

Erdo‘g‘an tashrifi faqat ikki tomonlama munosabatlar bilan cheklanib qolmadi. Ostonadan so‘ng, Erdo‘g‘anning keyingi manzili Qozog‘istonning qadimiy Turkiston shahri bo‘ldi. Bu yerda 15 may kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish” shiori ostida norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Turkiy davlatlar tashkilotning norasmiy sammiti doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston rahbarlari va tashkilot kuzatuvchi a’zolari yig‘ildi.

Sammit boshlanishidan oldin yetakchilar birga Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. XIV asr oxirida Amir Temur farmoyishi bilan barpo etilgan, bugun UNESCO’ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bu muhtasham inshoot turkiy xalqlarning mushtarak ildizlarinining ramzlaridan biri hisoblanadi.

Ushbu sammitda asosiy e’tibor turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya, sun’iy intellekt, transport yo‘laklari, xavfsizlik hamda siyosiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratildi. Muzokaralar davomida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an turkiy dunyo global geosiyosiy o‘zgarishlar fonida yanada yaqinlashishi kerakligini ta’kidladi. Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda a’zo davlatlar orasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish, kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish bo‘yicha majburiyatlar belgilandi. Bundan tashqari, 2027 yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, kiberxavfsizlik, madaniy hamkorlik va turkiy identitetni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. So‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishlarga alohida urg‘u berib, tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilish muhimligini qayd etdi.

“Bu borada umumiy mexanizm sifatida kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman”, dedi Mirziyoyev.

Sammitning asosiy mavzularidan biri “O‘rta koridor” – Xitoydan Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiqadigan transport yo‘lagi masalasi bo‘ldi. Ishtirokchi tomonlar ushbu yo‘nalishni Rossiya hamda Fors ko‘rfazi orqali o‘tuvchi an’anaviy marshrutlarga muqobil strategik tranzit tarmog‘i sifatida baholayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi geosiyosiy keskinliklar, Rossiya-Ukraina urushi fonida Shimoliy yo‘lakning xavfli bo‘lib qolgani fonida Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi savdo yo‘llarining ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan logistika tizimlari, portlar, temiryo‘l infratuzilmasi va bojxona mexanizmlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish masalalari muhokamaning markazida bo‘ldi.

“Bugun Hormuz bo‘g‘ozi markazidagi inqiroz ko‘rsatib turibdiki, turkiy dunyoni, ayniqsa O‘rta yo‘lakni bog‘laydigan transport loyihalari kelgusi yillarda ham bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Turkiya sifatida biz yuqori texnologiyalar yordamida shakllantirgan mudofaa sanoatida orttirgan tajribamizni tashkilotimiz a’zolari bilan baham ko‘rishga tayyormiz” dedi Erdo‘g‘an.

Tadbir doirasidagi eng e’tiborli taklif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan berildi. U O‘rta koridorni qurilayotgan “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lashni taklif qildi va bojxona ma’lumotlarini to‘liq raqamlashtirish zarurligini ta’kidladi.

“O‘rta koridorning strategik rolidan kelib chiqib, biz uni ayni paytda qurilayotgan Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lashga katta e’tibor qaratamiz. Bu logistika zanjirlari bo‘ylab ma’lumotlar uzatish, yuklarni kuzatish va jarayonlarni uyg‘un holda tashkil etish imkonini beradi”.

Bu taklif siyosiy jihatdan naqadar muhim ekanini tushunish uchun geografiyaga e’tibor qaratish kerak. Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘nalishi Xitoydan boshlanib, Qozog‘iston orqali Kaspiy dengiziga, so‘ng Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropaga boradi. O‘zbekiston hududi bu yo‘nalishda bevosita qatnashmaydi. Ya’ni tranzit daromadlar, logistika oqimlari va geosiyosiy ta’sir asosan Qozog‘iston va Ozarbayjon qo‘liga to‘g‘ri keladi. Aynan shu sabab Toshkent uchun qurilayotgan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li strategik ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘l O‘zbekistonni Xitoydan Markaziy Osiyoga, u yerdan esa G‘arbga uzatilayotgan yuk oqimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulaydi.

Bundan tashqari, agar loyiha ushbu temir yo‘l bilan bog‘lanmasa, O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini Yevropaga chiqarish uchun ularni avval Qozog‘istonga tashishi kerak bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida ortiqcha xarajat ham deganidir.  Shu fonda, Mirziyoyevning sammitdagi taklifi O‘zbekistonning “O‘rta koridor” loyihasidagi rolini oshirish va davlat manfaatlarini xalqaro doirada ilgari surish hisoblanadi.

Sammitda muhim bir savolga ham aniqlik kiritildi. Axborot maydonida Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy alyansga aylantirish haqidagi fikrlar paydo bo‘lib turgan bir paytda, Qozog‘iston Prezidenti To‘qayev bunday g‘oyalarni qat’iy rad etdi.

“Turkiy davlatlar tashkiloti — bu geosiyosiy loyiha ham, harbiy tashkilot ham emas. Bu birodar davlatlar o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy, yuqori texnologiyali, raqamli va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlaydigan noyob platformadir”, dedi u.

Aslida ham Turkiya bilan hamkorlikda harbiy ittifoq tuzish Qozog‘istonning boshiga Ukrainaning kuni tushishiga olib kelishi mummkin. Qozog‘iston Rossiya bilan chegaradosh va MDH majburiyatlari doirasida harakat qiluvchi davlat. Harbiy ittifoqqa kirib qolish uning ko‘p vektorli tashqi siyosatiga jiddiy zarba berishi mumkin edi. Moskvaning so‘nggi yillardagi siyosati ham shuni ko‘rsatdiki, NATO yoki boshqa harbiy alyansning chegarasi ostiga kelishiga u jim qarab turmaydi.

Sammitning rasmiy qismi yakunigacha esa, Erdo‘g‘an yana bir bor o‘zining boshqacha siyosatchiligi bilan diqqatni tortdi. Turkiston ko‘chalaridan o‘tayotgan paytda Turkiya Prezidenti to‘satdan kortejini to‘xtatdi va yo‘l chetida to‘planib, qo‘l silkib turgan mahalliy aholi bilan salomlashdi, ular bilan birga suratga tushdi. Xavfsizlik protokollari doirasida bunday holat odatiy emas. Ammo bu orqali Erdo‘g‘an qardosh xalqlar bilan hukumat binolarida emas, ko‘cha suhbatlari orqali ham bog‘lana olishini ko‘rsatadi. Ushbu kichik harakatlar orqali Turkiya rahbari Markaziy Osiyo aholisining ko‘ngliga kira oldi yoki boshqacha qilib aytganda, Turkiyaning yumshoq kuchini sezilarli ortishiga sabab bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Qozog‘istonga tashrifi va Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti “O‘rta koridor” loyihasining istiqbolini hal etishdagi navbatdagi qadam bo‘ldi deyish mumkin. Turkiyaga qator imkoniyatlar yaratuvchi ushbu loyiha Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhim. Ayniqsa, O‘zbekiston uchun bu tarmoqdan chetda qolib ketmaslik o‘ta muhim.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Turkiya Ostona Erdo'g'an Turkiston Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston To'qaev Turkiston deklaratsiyasi O'rta koridor” Trans-Kaspiy xalqaro transport yo'nalishi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing