Turkiyada latifa ortidan milliarderga qarshi tergov boshlandi (video)
Olam
−
06 iyun 7599 2 daqiqa
Turkiyaning Izmir shahri Bosh prokuraturasi kurdlar haqida latifa aytgan P.K. ism-sharifli tadbirkorga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
“Tadbirkor P.K. tomonidan aytilgan fikrlar yuzasidan Izmir bosh prokuraturasi tomonidan Turkiya Jinoyat kodeksining 216-moddasida nazarda tutilgan jinoyat – aholining bir qismini ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, dini, mazhabi, jinsi yoki hududiy farqlari belgilariga ko‘ra ommaviy ravishda tahqirlash fakti bo‘yicha tergov harakatlari boshlandi”, deyiladi nazorat organi bayonotida.
“Haberler” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, gap Turkiyaning yirik “Koç Holding” konglomerati faxriy raisi Mustafo Rahmi Koch haqida ketmoqda. U Izmirning Balchova tumanidagi shifoxonaning ochilish marosimida kurd ayoli haqida latifa aytib bergan. Hazil ayol jinsi va kurd etnosiga mansublik, shuningdek, shifokorlik siri mavzusiga asoslangan bo‘lgan.
Nutqdan olingan parcha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, jamiyat va siyosiy doiralarning keskin reaksiyasiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Koch hech kimni haqorat qilish niyati bo‘lmaganini bildirib, uzr so‘ragan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar, shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Turkiyaning sobiq bosh vaziri Binali Yildirimga ham qaratilgan. Foydalanuvchilar Kochning nutqi paytida uning kulib turgani aks etgan kadrlarga e’tibor qaratgan.
Tadbirkorning ochilish marosimidagi chiqishi aks etgan videoga Turkiya Adliya vaziri Akin Gurlek ham munosabat bildirgan.
“Adolat tarozisi kimningdir boyligi, unvoni yoki mavqeiga bog‘liq emas. Bu kabi so‘zlarning “hazil” yoki yumor niqobi ostida aytilishi ayollarimizga va jamiyatimizning muayyan bir qismiga nisbatan qilingan ushbu odobsizlikni yengillashtirmaydi”, deb yozdi Gurlek o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida.
Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili O‘mer Chelik ham e’tiqod, etnik kelib chiqish, madaniyat, o‘zlik yoki jins belgilariga ko‘ra kamsituvchi va tahqirlovchi bayonotlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etgan.
“Koç Holding” saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu konglomerat Turkiyadagi eng yirigi hisoblanib, uning asosiy tarmoqlari energetika, avtomobil sanoati, iste’mol tovarlari va moliya sohalaridir. “Koç Holding”ning umumiy daromadi mamlakat YAIMning taxminan 7 foiziga to‘g‘ri keladi, Turkiya eksportidagi ulushi esa qariyb 8 foizni tashkil etadi.
6 iyun holatiga ko‘ra, Mustafo Rahmi Koch 2,4 milliard dollar boyligi bilan “Forbes” ro‘yxatida 1761-o‘rinni egallab turibdi. Bir kun ichida uning boyligi 21 million dollarga (0,87 foiz) kamaygan.
Live
Barchasi