To‘qayev Mirziyoyevni tabriklab, Afg‘onistondagi vaziyatni ham muhokama qildi
Jamiyat
−
24 iyul 2021
3363O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan muborakbod etib, birodar O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi aniq loyihalar va amaliy dasturlar bilan boyitish muhim ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan avgust oyining boshida Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining samarali natijalari yuksak baholandi, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar bergan edik. Suhbat chog‘ida Rahmon O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan tabrikladi.