To‘qayev Qozog‘istonda yadro klasterini yaratishga buyruq berdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini tezlashtirish va mamlakatda yadro klasterini yaratishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda “Forbes.kz” xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “energetika tanqisligi o‘sib borayotgan fonda” juda ham zarur. 

“Bunday klasterni tashkil etish mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashning muhim vazifasidir”, degan davlat rahbari.

Shuningdek, Prezident hukumat vakillariga atom sanoatini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar ishlab chiqishni topshirgan. 

“Hukumatga “Samruk-Kazina” bilan birgalikda atom sanoatini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar ishlab chiqishni topshiraman. Bizga aniq tasavvur kerak. Har tomonlama tahlillar asosida bo‘lajak atom elektr stansiyalarini (AES) qurish uchun eng qulay joylar, shuningdek, zamonaviy va xavfsiz texnologiyalar belgilanishi kerak”, degan To‘qayev.

Qolaversa, davlat rahbari parlament va hokimiyat vakillaridan ikkinchi AESni qurish bo‘yicha joy takliflarini kutishini, mamlakat uchun atom energiyasi juda kerakligini aytgan.  

“Busiz Qozog‘istonning ilg‘or rivojlanishi so‘roq ostida qoladi. Energetika butun iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Albatta, barcha hududlarni energiya bilan ta’minlash orqaligina biz ularni farovonlikka olib borishimiz, aholi turmush darajasini oshirishimiz mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabr oyida Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgandi. Natijada mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini ishtirokchilarning 71,12 foizi qo‘llab-quvvatlagandi. AES 2035 yilgacha mamlakat janubi-sharqida, Ulken qishlog‘i yaqinida (janubiy viloyatlarda energiya taqchilligi respublikaning boshqa hududlariga qaraganda ko‘proq) qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 10-12 milliard dollarga baholanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev atom elektr stantsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing