To‘qayev Eron zarba bergan davlatlarga birdamlik maktubi yo‘lladi
Olam
−
04:50 6918 3 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn va Quvayt rahbarlariga shaxsiy maktublar yo‘llab, ushbu og‘ir sinovlar davrida mazkur mamlakatlar xalqlariga samimiy qo‘llab-quvvatlash va birdamlik izhor etdi. Bu haqda Qozog‘iston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston uchun do‘st va birodar bo‘lgan davlatlarning suvereniteti hamda xavfsizligiga putur yetkazishga qaratilgan barcha harbiy harakatlarni qat’iy qoralagan.
“Mamlakatimiz murakkab xalqaro muammolar va qurolli mojarolarni faqat diplomatik vositalar orqali hal etish tarafdori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi”, deyiladi maktublarda.
Davlat rahbari, shuningdek, Qozog‘iston birodar arab mamlakatlariga imkon doirasida har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirib, ularning oliy rahbarlari bilan doimiy ishchi aloqalar davom etishiga umid bildirgan.
Qayd etish joiz, bungacha Eron atrofidagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Qozog‘istonning barcha kuch tuzilmalari tun-u kun ish rejimiga o‘tkazilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri aeroportiga Eron dronlari hujumi oqibatida to‘rt kishi jarohat olgani haqida xabar berilgan edi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Donald Tramp Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganini e’lon qildi.
Live
Barchasi