To‘qayev davlat tashrifi bilan Fransiyaga bordi (video)
Olam
−
05 noyabr
3275Kecha, 4 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat tashrifi bilan Fransiya Respublikasiga bordi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Parij aeroportida Qozog‘iston Prezidentini Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro kutib olgan.
Bugun, 5 noyabr kuni Yelisey saroyida Qozog‘iston Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. To‘qayevni Prezident Emmanuel Makron harbiy orkestr jo‘rligida kutib oldi. Qozog‘iston va Fransiya davlat madhiyalari yangradi.
Davlat rahbarlari Respublika gvardiyasi, aerokosmik, quruqlik va dengiz floti harbiy xizmatchilaridan iborat faxriy qorovul safini aylanib o‘tdi. So‘ngra rasmiy delegatsiyalar a’zolari va faxriy mehmonlarni o‘zaro tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Qosim-Jomart To‘qayev oxirgi marta 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borgan. Oradan bir yil o‘tgach, To‘qayev va Makronning navbatdagi uchrashuvi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvlarda To‘qayev va Makron “yashil texnologiyalar”ni birgalikda joriy qilishga kelishib olgan. Qozog‘iston Fransiya atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i berishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili noyabrda Qozog‘istonning “Kazatomprom” milliy kompaniyasi va Fransiyaning Framatome kompaniyasi yadroviy yoqilg‘i aylanishi sohasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangandi. Bitim kompaniyalar o‘rtasida yadroviy yoqilg‘i aylanishi sohasida qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi